63 yillik ijod yo‘li: Jurnalistlar uyushmasi raisi Muayyana Xo‘jayeva xonadonida bo‘ldi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan sohada uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan, yoshlarga namuna bo‘lib kelayotgan faxriy ijodkorlar salohiyatidan foydalanish, ular tajribasini ularga o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida joylarda uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylandi.

Ana shunday uchrashuvning navbatdagisi Samarqand shahrida o‘tkazildi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, uyushmaning viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov 9 may - Xotira va qadrlash kuni oldidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muayyana Xo‘jayeva xonadonida bo‘lib, ijodkor bilan dildan suhbat qildi.

M.Xo‘jayeva ijodiy faoliyatini 1963 yilda viloyat radiosida boshlab, keyinchalik respublika “Ovozi tojik” (“O‘zbekistoni surx”) gazetasida, 1970-1972 yillarda Kuba universitetida ishlaganini gapirib berdi. Shundan so‘ng “Ovozi tojik” gazetasida tarjimon, muxbir, bo‘lim mudiri, shuningdek, respublika radiosida, O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, “STV-Samarqand” televizion ijodiy uyushmasida ijodiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatganini esladi.

- Sizning matbuot sohasidagi 63 yillik beminnat xizmatingiz barchamiz uchun ibrat, — dedi Shuhrat Oripov. — Ayniqsa, shogirdlarga bergan hayotiy sabog‘ingiz, o‘gitingiz yosh jurnalistlar uchun tajriba maktabi. Shuning uchun yosh jurnalistlar bilan suhbatlashib turishingiz, o‘z tajribalaringiz bilan o‘rtoqlashishingiz bugungi yoshlar va yosh xodimlar faoliyatiga foyda beradi.

- Albatta, vaqt topdim deguncha va salomatligim yaxshi bo‘lganida menga qadrdon bo‘lgan tahririyatlarga otlanaman, - dedi M.Xo‘jayeva. - Avvalo, biz, faxriylarga hamisha ko‘makchi va g‘amxo‘r bo‘lgan Prezidentimiz, hokimliklar va hamkasblarimdan minnatdorman. Mana, bugun sizlar xonadonimga yo‘qlab kelib, meni yanada ruhlantirdingiz. Bu kabi shirin diydor uchrashuv meni yanada ijod qilishga undaydi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.