Jurnalistlar sardori yoshlar bilan uchrashdi, kitob taqdimotlarida qatnashdi
Samarqandda davom etayotgan “Media haftalik” tadbirlari doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabalari bilan uchrashdi.
Muloqotda uyushmaning yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
– Ayni paytda uyushma faoliyatini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilayotgan dasturda uyushma a’zoligiga qabul qilish yoshini pasaytirish, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarning to‘lov shartnoma pulini to‘lab berish, taniqli jurnalistlar nomidagi stipendiyalar joriy etish, yosh mutaxassislarning xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda, – dedi Sh.Oripov. – Shuningdek, soha uchun kadrlar tayyorlayotgan oliy o‘quv yurtlari bilan ham yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz, blogerlar klublarini tuzmoqchimiz. Sizlardan puxta bilim egallash, zamonaviy axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirib, professional jurnalist bo‘lish talab etiladi. Bugungi sharoitda bularsiz yaxshi mutaxassis bo‘lishingiz qiyin.
Uchrashuvda talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga uyushma rahbari va samarqandlik tajribali jurnalistlardan javoblar oldilar.
Shundan so‘ng, mazkur institutda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limiva “Ovozi Samarqand” gazetasi hamkorligida chop etilgan “Zamonaviy jurnalistika va sun’iyintellekt: istiqbollar va muammolar”, taniqli jurnalist, soha bo‘yicha ekspert Beruniy Alimovning “Jurnalistikada sun’iy intellektdavri” hamda “Zarafshon” gazetasi tahririyati tomonidan tayyorlangan Ahmadjon Muxtorovning “Umrning oltin tarozisi” kitobi va faxriy radiojurnalist Rahimjon Sultonov boshchiligida yaratilgan “Ahmadjon Muxtorov zamondoshlar xotirasida” kitoblari taqdimoti o‘tkaziladi.
Taqdimotda mazkur kitoblar mualliflari va to‘plovchilari, samarqandlik faxriy jurnalistlar hamda ayni paytda ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar ishtirok etib, nashrlar haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
– Bu kitob faqat Ahmadjon Muxtorov haqidagi xotiralardan iborat emas, – deydi faxriy jurnalist Rahimjon Sultonov. – Maqolalarda tajribali jurnalist hayoti va faoliyati misolida soha xodimlarining zahmatli mehnati, davlat va xalq hayoti bilan bog‘liq murakkab masalalarni hal etishdagi roli ifoda etilgan. Bu esa yosh jurnalistlar uchun haqiqiy mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.
Tadbirda “Zamonaviy jurnalistika va sun’iy intellekt: istiqbollar va muammolar” hamda “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri”kitoblari mualliflari hamda institut professor-o‘qituvchilari ushbu kitoblar bugungi kunda soha uchun kadrlar tayyorlashda muhim o‘quv qo‘llanmasi bo‘lishini ta’kidladilar.