Samarqandda Xitoy tajribasi asosida yangi davolash usullari joriy etilmoqda

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli hududlari bilan tibbiyot sohasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari bugungi kunda o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.

Jumladan, 2025 yilda Xitoyning “GX” xayriya jamg‘armasi vakillari Samarqanddagi davolash-profilaktika muassasalariga tashrif buyurib, tibbiy ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va samarali davolashni takomillashtirish, shuningdek, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish bo‘yicha qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli Karamay markaziy shifoxonasi bilan hamkorlik doirasida Samarqand tumanida Xitoy xalq tabobati bo‘limi tashkil etildi. Bu esa milliy va an’anaviy tibbiyot usullarini uyg‘unlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Qolaversa, mazkur avtonom hudud sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan erishilgan kelishuvlar asosida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 20 nafar shifokor Xitoyda bir oylik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, zamonaviy davolash va profilaktika usullarini o‘zlashtirib qaytdi. Ushbu dastur doirasida har yili shu miqdorda mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Shensi provinsiyasining Sian shahri sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlik doirasida yil yakuniga qadar viloyatdan 200 nafar shifokorni zamonaviy tibbiy texnologiyalar asosida tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ularning birinchi guruhi Xitoyning yetakchi klinikalarida malaka oshirmoqda.

Bundan tashqari, Sichuan provinsiyasi ko‘magida viloyatdan jami 40 nafar shifokor Xitoyning uchta yirik provinsiyasidagi ilg‘or tibbiyot muassasalarida bilim va tajribasini mustahkamladi. Bu kabi hamkorliklar hududda zamonaviy tibbiy yondashuvlarni joriy etish, sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.