Kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda
Shu yil 16 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator muhim hujjatlar imzolandi.
Sammit mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va strategik maqsadlarni belgilash borasida yangi bosqichni boshlab berdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surilib, mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichi
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida muloqotning maslahat formatidan samarali hamkorlikka o‘tdi. Chegaralar ochildi, energetika, transport va savdo sohalarida tayanch mexanizmlar yaratildi. O‘zaro savdo hajmi 10,7 mlrd dollarni tashkil etib, mintaqaviy investitsiyalar 17 foizga o‘sdi.
Institutsional asoslarni mustahkamlash
Prezident uchrashuvlar formatida “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasini barpo etish, Kotibiyatni tashkil qilish, Oqsoqollar kengashini tuzish va milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini oshirishni taklif qildi.
Iqtisodiyot va investitsiyalar
Mintaqa mamlakatlari o‘zaro savdoni 1,5–2 barobar oshirish imkoniyatiga ega. Prezident quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:
- 2035 yilgacha mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini qabul qilish,
- Yagona investitsiya makoni to‘g‘risida deklaratsiya ishlab chiqish,
- Elektron tijoratni birgalikda rivojlantirish.
Transport va infratuzilma
O‘zbekiston "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston" temir yo‘li, Transafg‘on koridori va Transkaspiy yo‘nalishini rivojlantirish kabi yirik loyihalarda mintaqaviy birdamlikni chaqirdi. Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Kengash tuzish taklif etildi.
Xavfsizlik va Afg‘oniston masalasi
Mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasi va Tahdidlar katalogi muhokama etildi. Prezident Afg‘onistonni energetika va transport loyihalariga integratsiya qilishning ahamiyatini qayd etib, “Farg‘ona tinchlik forumi”ni doimiy xalqaro anjumanga aylantirish tashabbusini bildirdi.
Iqlim va suv resurslari
O‘zbekiston 2026–2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi” deb e’lon qilish, shuningdek, suv xo‘jaligi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini tashkil etishni taklif qildi.
Gumanitar sohada hamkorlik
Ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi. Prezident har yili ma’naviy meros va ma’rifatparvarlikka bag‘ishlangan Xalqaro kongress o‘tkazish, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tashkil etish hamda mintaqamiz mutafakkirlarining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida BMT rezolyusiyasini taklif etdi.
Ozarbayjonning qo‘shilishi – yangi bosqich
Sammit ishtirokchilari Ozarbayjonning to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishini bir ovozdan ma’qulladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yagona hamkorlik makonini shakllantirishini ta’kidladi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkentda o‘tgan bu sammit mintaqa tarixida muhim voqeaga aylandi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda”.
Haqiqatan ham, birdamlik va hamjihatlik orqali Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va xalqlar farovonligiga erishish mumkin.
Badridin Nasriyev,
XDP viloyat kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati.