Samarqand nigohida: Qozog‘iston–O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
23 avgust kuni Qozog‘istonda yangi bir palatali Parlament - Qurultoy deputatlarining ilk saylovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu siyosiy voqea nafaqat mamlakatning ichki taraqqiyoti, balki butun mintaqamiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston uchun Qozog‘istonning eng yaqin qo‘shnisi, strategik hamkori va ittifoqchisi sifatida birodar mamlakatning barqaror, izchil va bashorat qilinadigan rivojlanishi nihoyatda muhim. Diplomatik amaliyotda Markaziy Osiyoning istalgan mamlakatidagi barqarorlik va kuchli davlat institutlari butun makrohududning barqarorligi hamda investitsiyaviy jozibadorligining muhim kafolati sifatida qaraladi.
Respublikaning yangi qonunchilik organi oldida turgan vazifalar va Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari haqida Qozog‘iston Respublikasining Samarqand shahridagi Bosh konsuli Talg‘at Sharipov so‘zlab berdi.

- Qurultoyga bo‘lajak saylovlar Qozog‘iston siyosiy transformatsiyasining muhim bosqichi sifatida baholanmoqda. Ushbu saylovlarning ahamiyatini qanday baholaysiz?
- Qurultoy saylovlari mamlakat institutsional taraqqiyotidagi tarixiy bosqich va keng ko‘lamli konstitutsiyaviy modernizatsiyaning bevosita ifodasidir. Oliy vakillik organining yangi, bir palatali tuzilmasiga o‘tish qonunchilik jarayonlarini yanada tezkor, shaffof va jamiyat oldida hisobdor qilishga, deputatlar korpusining mas’uliyatini oshirishga hamda qonun ijodkorligi sifatiga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, bu jarayon siyosiy partiyalarning rolini ham sezilarli darajada mustahkamlaydi.
Qurultoyning yangi modeli Qozog‘istonning tashqi iqtisodiy va mintaqaviy siyosati uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ixcham va yagona qonunchilik organi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan amaliy masalalarga, jumladan, savdo, investitsiyalar, transport, suv resurslari, turizm va transchegaraviy hamkorlikka ko‘proq e’tibor qaratish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu, ayniqsa, O‘zbekiston bilan munosabatlar uchun dolzarbdir. Zero, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma loyihalar soni izchil ortib bormoqda. Shuning uchun yangi Qurultoy nafaqat ichki modernizatsiya vositasi, balki parlament diplomatiyasini rivojlantirish va Qozog‘iston-O‘zbekiston sherikligini yanada mustahkamlash uchun zarur qonunchilik sharoitlarini yaratishda muhim maydonga aylanishi mumkin.
- Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarining bugungi holatini qanday tavsiflagan bo‘lardingiz?
- Qozog‘iston va O‘zbekiston - iqtisodiyotlari o‘zaro chambarchas bog‘langan Markaziy Osiyoning eng yirik davlatlaridir. Davlatlarimiz rahbarlari -Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda bu munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik va haqiqiy strategik ittifoqchilikning namunasiga aylangan.
Munosabatlarimiz yuqori darajadagi siyosiy ishonch va amaliy o‘zaro manfaatdorlik bilan ajralib turadi. Ostona va Toshkent bir-biri uchun muhim iqtisodiy hamkorlar sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zaro savdo dinamikasi ikki tomonlama munosabatlarning ulkan salohiyatini tasdiqlaydi. 2025 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16,2 foizga oshib, 4,8 milliard AQSh dollariga yetdi. Joriy yilning dastlabki besh oyida esa o‘zaro savdo hajmi 2,3 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 37,2 foizga oshdi. Bunda Qozog‘istonning mintaqa mamlakatlari bilan umumiy savdosining 55 foizdan ortig‘i O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, munosabatlarimiz an’anaviy savdo doirasidan ancha kengayganini alohida ta’kidlash muhim. Bugun kun tartibida birinchi o‘ringa keng ko‘lamli ishlab chiqarish kooperatsiyasi, o‘zaro investitsiyalar, transport-logistika hamkorligi, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini birgalikda boshqarish, shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar hamkorlik chiqmoqda.
- Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz. Bugun qaysi iqtisodiy tarmoqlar bu nuqtai nazardan eng istiqbolli hisoblanadi? Yangi Qurultoy bu jarayonlarni rivojlantirishda qanday rol o‘ynashi mumkin?
- Qozog‘iston va O‘zbekistonning investitsiyaviy hamkorligi bugun sifat jihatidan yangi bosqichni boshdan kechirmoqda. Biz oddiy savdodan ishlab chiqarish zanjirlarining chuqur integratsiyasiga o‘tdik.
Ayni paytda mamlakatlarimiz hukumatlari umumiy qiymati 7,8 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan investitsiyalar va savdo sohasidagi keng ko‘lamli “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirmoqda. U o‘zaro savdoni diversifikatsiya qilish, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hajmini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Hozirgi kunda davlatlarimiz umumiy qiymati 1,8 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 80 ta loyihani birgalikda amalga oshirmoqda. Jumladan, 227 million AQSh dollarilik 15 ta loyiha allaqachon muvaffaqiyatli ishga tushirildi va ular tufayli qariyb 5 mingta ish o‘rni yaratildi. Qiymati 102 million AQSh dollari bo‘lgan 6 ta loyiha faol amalga oshirish bosqichida. 1,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi 59 ta istiqbolli tashabbus esa hozirda batafsil ishlab chiqish bosqichida.
Qo‘shma investitsiyalar uchun eng istiqbolli tarmoqlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bir nechta asosiy yo‘nalishlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bular - mashinasozlik va avtomobil sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati, qurilish industriyasi, agrosanoat majmuasi, transport va logistika, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt, to‘qimachilik klasteri hamda boshqa tarmoqlar.
Bu jarayonning asosiy drayverlaridan biri ikki davlat chegarasida «Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining tashkil etilishidir. Ushbu maydon biznes uchun soliq, bojxona va logistika sohalaridagi noyob imtiyozlarni taklif etgan holda transchegaraviy investitsiyalar uchun kuchli katalizator bo‘ladi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun sanoat kooperatsiyasini jadallashtirishga zarur shart-sharoitlarni yaratish nihoyatda muhim. Yangi Qurultoyning qonunchilik faoliyati aynan shu yerda bevosita amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu investitsiya qonunchiligini takomillashtirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratish imkonini beradi.
- Samarqand haqli ravishda Markaziy Osiyoning eng yirik turistik xabi hisoblanadi. Turizm sohasi Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarida qanday o‘rin tutadi va uni rivojlantirish ikki mamlakatning chegaraoldi va qo‘shni hududlariga qanday iqtisodiy samara berishi mumkin?

- Turizm sohasi ikki tomonlama kun tartibimizda alohida o‘rin egallaydi va chegaraoldi hamda qo‘shni hududlar iqtisodiy o‘sishining muhim drayverlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Qozog‘iston va O‘zbekiston noyob tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lib, Markaziy Osiyoning yagona turistik makonini shakllantirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Turkiston, Olmaota va Ostona kabi shaharlar o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi turistik yo‘nalishlarni yaratish uchun ulkan salohiyatga ega.
Shu bois bugun Ostona va Toshkent transchegaraviy qo‘shma turlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bizning maqsadimiz - xalqaro sayyohlarga Qozog‘istonning muqaddas qadamjolari va O‘zbekistonning e’tirof etilgan durdonalarini birlashtiruvchi yagona turistik mahsulotni taklif etish. Bunda Samarqand asosiy turistik xab vazifasini bajaradi.
Samarqand viloyati va chegaraoldi hududlar iqtisodiyoti uchun bu minglab yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, xorijiy valyuta oqimining ko‘payishi, kichik va o‘rta biznes, shuningdek, restoran va mehmonxona sohalarining jadal rivojlanishini anglatadi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, mamlakatlarimiz 2026 yilning birinchi yarmida o‘zaro turistik almashinuv bo‘yicha allaqachon ta’sirchan ko‘rsatkichlarni namoyish etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonga qariyb 7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 2,5 milliondan ortig‘i O‘zbekistondan kelgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston shu davrda 6,5 milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qildi, ular orasida 1,55 million nafar Qozog‘iston fuqarosi bor.
Albatta, turistik aloqalarni yanada mustahkamlash sifatli logistika va moslashuvchan qonunchilikni talab qiladi. Yangi Qozog‘iston Qurultoyi turistlar uchun chegaradan o‘tishni yanada qulaylashtiradigan, ikki mamlakat turoperatorlari hamkorligini esa imkon qadar himoyalangan va samarali qiladigan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishda faol ishtirok etishi kutilmoqda.
- Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligi aynan Samarqand uchun qanday ahamiyatga ega?
- Samarqand Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy makonida alohida o‘rin tutadi. Xalqlarimiz o‘rtasida chuqur gumanitar rishtalar mavjud bo‘lib, ularni faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bugun Qozog‘iston Samarqand uchun bir qator muhim sohalarda strategik hamkor hisoblanadi.
Samarqand uchun Qozog‘iston turizm, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim hamkordir. Bunda hududlararo hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi.
O‘zaro savdoning izchil o‘sishi Samarqand viloyati korxonalari uchun yangi bozorlarni ochmoqda va Qozog‘iston hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Samarqand viloyatining Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi 2026 yilning birinchi yarmida 141 million AQSh dollaridan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foizga o‘sganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Investitsiyaviy hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish, hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va bevosita Samarqand viloyatida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini bermoqda.
Avval ta’kidlaganimdek, qozog‘istonlik sayyohlar Samarqandga kelayotgan xalqaro turistlar oqimining salmoqli qismini tashkil etadi. Qo‘shma turistik yo‘nalishlar va madaniy dasturlarni rivojlantirish o‘zaro safarlar ko‘rsatkichlarini bir necha barobar oshirishi mumkin.
Biz oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar o‘tkazish va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yishda ulkan istiqbollarni ko‘rmoqdamiz.
Aynan hududlararo darajada odamlar katta siyosatning amaliy natijalarini bevosita his qiladi. Yangi korxonalar ochilganda, ish o‘rinlari yaratilganda, sayyohlar oqimi ortganda va insonlar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanganda - bu ittifoqchiligimizning jonli ifodasi bo‘ladi. Samarqanddagi Bosh konsulxona ushbu tashabbuslarning barchasini maksimal darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

- Suhbatimiz yakunida yana bir savol. Yangi Parlament - Qurultoy shakllangandan keyin Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligining strategik istiqbollarini qanday tasavvur qilasiz?
- Yangi chaqiriq Qurultoyining shakllanishi Ostona va Toshkentning ikki tomonlama munosabatlarni prinsipial jihatdan yangi trayektoriyaga olib chiqishga qaratilgan strategik kursini qonunchilik nuqtai nazaridan qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Hamkorligimiz va ittifoqchiligimiz har ikki respublika oliy rahbariyati tomonidan yaratilgan mustahkam poydevorga ega. Qozog‘istonning yangilangan va yanada dinamik qonunchilik organi esa ushbu kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish uchun ishonchli vosita bo‘ladi.
Biz kelajakka katta optimizm bilan qaraymiz. Qozog‘istondagi siyosiy modernizatsiya va ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy siyosati ittifoqchiligimiz yanada mustahkamlanishini kafolatlaydi. Diplomatik korpus va Parlamentning yangi chaqiriqdagi asosiy vazifasi - ushbu sheriklik samaralarini Qozog‘iston va O‘zbekistondagi har bir fuqaroning hayot sifati yaxshilanishiga yo‘naltirishdan iborat.
Fursatdan foydalanib, shu kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasining barcha fuqarolariga murojaat qilmoqchiman. Bo‘lajak saylovlar - Vatanimiz tarixidagi eng muhim bosqichlardan biridir. Sizlarni yuksak fuqarolik mas’uliyatini namoyon etishga va 2026 yil 23 avgust kuni soat 07:00 dan 20:00 gacha ovoz berishda ishtirok etib, konstitutsiyaviy burchingizni ado etishga chaqiraman.
Yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahrida, Qozog‘iston Respublikasi elchixonasi binosida saylov uchastkasi ochilgan. Manzil - Abay ko‘chasi, 1-A uy.
***
Bosh konsul bilan suhbat yakunlari yaqqol tasdiqlaydiki, Ostona va Toshkent ittifoqchiligi qog‘ozdagi oddiy deklaratsiya emas, balki jonli va dinamik jarayondir. Qurultoyga bo‘lajak saylovlar ushbu huquqiy va siyosiy platformani mustahkamlashga, biznes, turizm va gumanitar muloqot uchun yangi ufqlarni ochishga xizmat qiladi.
Bu esa Samarqand va Qozog‘iston hududlarining yanada yaqinlashishini anglatadi. Shu tariqa kuchli davlat institutlari va mustahkam yaxshi qo‘shnichilik aloqalari butun Markaziy Osiyoning farovonligi uchun asosiy kafolat ekanini yana bir bor namoyon etadi.