Avgustda qishloq xo‘jaligi loyihalari bo‘yicha yirik xalqaro hamkorlar Ishtixonga kelishi kutilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Vazir tashrif dasturiga asosan navbatdagi manzil - Ishtixon tumanidagi “Shanxi HDN organik agrocultural” MChJ tomonidan yangi tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish korxonasining qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Korxona faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib bu yerda 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalarni ishga tushirishdan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlari talablariga mos holda qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirishdan iborat.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov ushbu loyihalar yuzasidan mutasaddilar bilan fikr almashar ekan, yurtimizning qulay iqlimi tufayli meva-sabzavotlarimizning mazasi o‘zgachaligini, shu bois jahon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizga talab ancha yuqori ekanligini ta’kidlash bilan birga, dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, mamlakatimizga kirib kelayotgan valyuta oqimini oshirishda ushbu loyihalarning ahamiyati haqida batafsil to‘xtaldi.
“Ishtixon emin import group” loyihasining qiymati 4 mln. AQSh dollar bo‘lib, 100 foiz xorijiy investitsiya mablag‘i hisoblanadi. Dastlab, bu yerda 20 ta ish o‘rni yaratiladi. Mazkur loyiha joriy yilning oktyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Unda Xitoy Xalq Respublikasi xorijiy hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 ming tonna tayyor mahsulotga teng bo‘lib, qiymati 45 milliard so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, “Henfeng foods” loyihasining umumiy qiymati 10 mln. AQSh dollarni tashkil etadi. Bu loyihada 30 ta ish o‘rnini yaratish reja qilingan bo‘lib, joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda. Yillik ishlab chiqarish quvvati qiymati 75 mlrd so‘mlik 6 ming tonna mahsulotni tashkil etadi.
“Ishtixon metan agro sanoat” loyihasining qiymati esa 1 mln. AQSh dollari bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 15 mlrd so‘mlik 1,5 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga teng. Bu loyihada dastlab 15 ta ish o‘rni yaratiladi. Loyiha joriy yil noyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda mahalliy hamkor tomonidan amalga oshiriladigan ishlar to‘liq bajarilgan bo‘lib, joriy yilning avgust oyida xorijiy hamkorlarning Ishtixon tumaniga tashrifi kutilmoqda.