Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Ishtixon tuman sudi giyohvandlik ishidagi dalillarni soxta deb topdi va 7 oy qamoqda o‘tirgan yigit oqlandi

2026 yil 23 oktyabrda Ishtixon tuman sudi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik moddasini sotish) bo‘yicha ayblangan J.A.ni jinoyatga daxli yo‘qligi sababli oqladi. U 15 martdan beri, ya’ni 222 kun qamoqda saqlangan edi.

Ayblovga ko‘ra, u 14 mart kuni tezkor tadbirda 1,02 gramm mefedronni 300 AQSh dollariga sotgan. Sud esa ayblov dalillari qonun buzilgan holda to‘planganini va ayrimlari soxtalashtirilganini aniqladi. Ya’ni, xaridor “Alish”ning arizasida sana yo‘q va u ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. “Alish” o‘sha oqshom boshqa ishda bir vaqtning o‘zida xolis sifatida ham imzo qo‘ygan. Uning hujjatlardagi imzolari bir-biridan farq qiladi. Videoda xodim pullarni sanamasdan turib “300 dollar” deb e’lon qilgan. Kupyuralar raqami bayonnomaga yozilmagan. Pullarga maxsus ishlov berilmagan. 

Bulardan tashqari, savdo audio yoki videoga olinmagan, chunki “diktofon zaryadsiz” bo‘lgan. Hujjatlarda mefedron miqdori 1,02 g, 1 g va 4 g deb har xil ko‘rsatilgan. Tibbiy ekspertiza sudlanuvchida tan jarohatlari topdi. “Sambo qo‘llandi” degan hujjat esa ushlash videosiga zid keldi.

Sud aybsizlik prezumpsiyasiga va qonunni buzib olingan dalillardan foydalanish mumkin emasligi qoidasiga tayandi. U sud zalidan ozod qilindi va unga yetkazilgan zararni qoplatish huquqi tushuntirildi. 

Dalillarni soxtalashtirish va qiynoq holatlari bo‘yicha material Samarqand viloyati prokuraturasiga yuborilgan.