Ishtixonda yoshlar “Yoshlar mehnat guzari”dan qanday foydalanyapti?
O‘tgan hafta viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Yoshlar mehnat guzari”dagi kamchiliklar muhokama qilindi. Unda aytilishicha, Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida viloyatda jami 250 ta “Yoshlar mehnat guzari”, “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi va boshqa ob’yektlarqurilishi va foydalanishga topshirilishi bo‘yicha shahar-tuman hokimliklari tomonidan tegishli hujjatlar imzolangan.
Jumladan, Ishtixon tumanida 36 ta ana shunday majmua qurilib, foydalanishga topshirilishi va o‘nlab yoshlarning bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan. Ammo bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 7 ta ob’yekt barpo etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 25 tasining qurilishi yakuniga yetmagan. Qolaversa, tumanda 4 ta ob’yektning qurilish ishlari hozirga qadar boshlanmagan.
Achinarlisi,fuqaro D.Zaripovga “Yoshlar mehnat guzari” qurish uchun ajratilgan 40 sotix yer maydonida shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqmasdan, noqonuniy ravishda uy-joy qurib olingan.
Shu kabi holatlarni o‘rganish maqsadida Ishtixonda bo‘ldik. Avvalo, tumanda qurilib, foydalanishga topshirilgan bir qator "Yoshlar mehnat guzari" faoliyati bilan tanishmoqchi bo‘ldik. Tuman yoshlar ishlari bo‘limi mas’ullari hamrohligida Mohipar mahallasi Xolajon qishlog‘ida bunyod etilgan ob’yektni ko‘zdan kechirdik. Ko‘rinishidan bu bino “Yoshlar mehnat guzari”ga o‘xshamaydi. Besh xonadan iborat mazkur ob’yektda bor-yo‘g‘i bir nafar yosh ish bilan band. U ham oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanayotgan ekan.
Yana bir xonasi novvoyxonaga mo‘ljallangan. Xonadagi betartiblik va badbo‘y hiddan shuni anglash mumkinki, anchadan beri bu yerda non pishirilmagan. Ko‘rinishidan yana bir xonasida qandolatchilik mahsulotlari tayyorlangan, ammo bugungi kunda uning ham faoliyati to‘xtatilgan. Yana birining qurilishi yakuniga yetmagan bo‘lsa, boshqasida qog‘oz qutilar saqlanyapti.
- 2019 yilda tuman hokimining qarori asosida 8 sotix yer ajratilgan, - deydi fuqaro Ozodjon Shodiyorov. – Bu yerda “Yoshlar mehnat guzari” uchun bino qurdirdim. Buning uchun 800 million so‘m atrofida mablag‘ sarfladim. Ammo qishloq sharoitida samara bermayapti. Majmuada faoliyat boshlagan yosh tadbirkorlarning ishi yurishib ketmayapti. Mahallamiz tuman markazidan ancha olisda joylashgan. Majmuada tayyorlanadigan mahsulotlarga, ko‘rsatiladigan xizmatlarga yetarlicha mijoz topish qiyin. Bundan tashqari, soliq va ijara pullari, deganday...
Ishtixonlik ishsiz yoshlar uchun faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mehnat guzarlarining biri sifatida ko‘rsatilgan mazkur majmuaning ahvoli shu bo‘ladigan bo‘lsa, qolganlari qanday holatda ekan-a?
Afsuski, tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan, qurilishi chala yoki umuman boshlanmagan ob’yektlar haqida to‘liq ma’lumot beradigan mas’ulni topolmadik. Tuman yoshlar ishlari bo‘limidan olingan ma’lumot esa sal boshqacha, ya’ni rejadagi “Yoshlar mehnat guzari”, “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va boshqa ob’yektlarning 12 tasi foydalanishga topshirilgan, 11 tasi bunyod etilib, foydalanishga topshirilmagan, 10 tasining qurilish ishlari yakuniga yetmagan. 3 ta ob’yekt uchun ajratilgan yer maydoni bo‘sh turibdi.
Ta’kidlash lozimki, qarorlar qabul qilinganidan bir necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, hokimlik mas’ul xodimlarining befarqligi natijasida majmualar qurilishi haligacha boshlanmagan yoki yakuniga yetkazilmagan. Bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan ob’yektlarning ham faoliyati ko‘ngildagidek emas. Ajratilayotgan mablag‘lardan, yaratilayotgan imkoniyatlardan, asosiysi, o‘tib borayotgan vaqtdan unumli foydalanilmas ekan, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Biz fikrimizni o‘rtaga tashladik, qolgani mas’ullarning o‘zlariga havola.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.