Deputat so‘rovi mutasaddilar tomonidan joyida o‘rganildi
Samarqand shahridagi “Xo‘ja Doniyor” va “Obi Rahmat” mahalla fuqarolar yig‘inlari birlashib, Xo‘ja Doniyor mahallasi tashkil qilingandan keyin faollar obodonlashtirish hamda aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyevga murojaat qilgan.
B.Nasriyev murojaatda ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish to‘g‘risida Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarovga deputatlik so‘rovi chiqargan edi. Shahar hokimi so‘rovga asosan Xo‘ja Doniyor mahallasiga borib, muammolarni deputat va mahallla faollari bilan o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida mahalladagi Obi Rahmat ko‘chasida bo‘sh turgan yerda tadbirkorlar va fuqarolar ko‘magida zamonaviy stadion va dam olish maskani, ya’ni bog‘ qurishga kelishildi.
“Xo‘japirmaydon” qabristoni hamda qabriston qarshisida joylashgan devor oralig‘idagi yo‘l tor bo‘lib, transport vositalari o‘tishiga noqulaylik yaratayotgani, oqibatda ko‘plab yo‘l-transporti bilan bog‘liq salbiy hodisalar yuzaga kelayotgani faollar bilan uchrashuvda mahalla tadbirkorlari yo‘lni kengaytirishda amaliy yordam berish taklifiga rozi bo‘ldi.
Shahar hokimi F.Umarov muammo yuzasidan tegishli tashkilotlar fikrini olib, zarur hujjatlashtirish ishlarni tashkil qilib beradigan bo‘ldi.
Hududida joylashgan sobiq 3-son oilaviy poliklinika filialini qayta tiklash masalasi Samarqand shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Axmadjon Bobojonov bilan birga o‘rganildi.
O‘rganish davomida mahallaning Obi Rahmat ko‘chasida yashovchi fuqaro Botur Nabiyev o‘z mablag‘i hisobidan bino qurib, mahalla ixtiyoriga bergani, mahalla fuqarolar yig‘ini ushbu binoni 3-son oilaviy poliklinika hamda “Nuroniylar maskani”ga bergani, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmaganligi sababli gaz, elektr va suv tarmoqlariga ulanmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Keksa otaxon va onaxonlarga qulaylik bo‘lishi uchun bino mahalla balansiga olinishi va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan soha mutaxassislari ajratilishiga kelishib olindi.
O‘zXDP viloyati Kengashi axborot xizmati.