Elektrni-ku udda qilishmayapti, simyog‘ochlarga e’tibor qilsa bo‘lmaydimi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Feruz Nasrullayev tomonidan Bulung‘ur tumanidagi Kildon, Kichik Kildon hamda Sariqpichoq mahallalarida uchrashuvlar tashkil qilindi.
Uchrashuvda aholi elektr ta’minotini yaxshilash, simyog‘ochlarni almashtirish masalasi yillarki hal etilmayotganidan norozi bo‘lishdi. Masala yuzasidan deputat joyiga borib o‘rganganda saylovchilarning murojaatlari asosida deputat 2021 yil 19 oktyabr kuni 439/13-sonli deputatik so‘rovi yuborgani ayon bo‘ldi.
Aniqlanishicha, so‘rovga javob bo‘lmagach, 2022 yilda ayni shu masalada takroriy so‘rov chiqarilgan. Afsuski, bu gal ham elektr ta’minoti mutasaddilari masalaga panja orasidan qarab, xalq vakilining so‘rovini javobsiz qoldirgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: to‘g‘ri, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati almashyapti. Lekin, sohada dasturlarni tayyorlashga mas’ul bo‘lganlar nahotki, shuncha vaqtdan buyon zo‘rg‘a turgan simyog‘ochlarni ko‘rmayapti?
Bu xo‘jasizlik ertaga biror falokatga sabab bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?