Muammolar kutib turmaydi: o‘tgan yili dasturga kiritilgan ko‘cha nega asfalt qilinmagan?
Samarqand shahridagi xunuk bu holat mutasaddilarni sergak torttirishi kerak.
Odamlarning turmush sharoitlarini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va hal etish bugunning zarurati hamda asosiy talabiga aylandi. Xo‘sh, saylov okrugim hududidagi mahallalarda qanday masalalar o‘z yechimini kutmoqda? Fuqarolarni qanday muammolar qiynamoqda?
Boshqa deputatlar singari shu kabi savollarga javob izlab, fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazyapman. Ayrim holatlarda rejalashtirilgan, va’da qilingan ishlarning amalga oshmay qolgani kishini taajjubga soladi, qat’iyatliroq bo‘lishimizni taqozo qiladi. Samarqand shahridagi G‘ofur G‘ulom, Sadriddin Ayniy hamda Abdulla Qahhor nomli mahallarda tashkil qilingan uchrashuvlarimda bunga yana bir bor amin bo‘ldim.
Muloqot davomida ko‘plab muammolar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, G‘ofur G‘ulom nomli mahallada 5 ta ichki ko‘cha asfalt qilinmagan. Vaholanki, ushbu ko‘chalarning bu masala – vazifa 2022 yilgi dasturga kiritilgan. O‘tgan yil davomida yo‘llar ta’mirlanishini kutib charchagan fuqarolar, ish joriy yilda ham amalga oshmay qolishidan xavotirda.
Abdulla Qahhor nomli mahallada ham fuqarolar tomonidan 3 ta ichki ko‘cha asfalt qilinmaganligini masalasi ko‘tarildi.
Sadriddin Ayniy nomli mahallada bo‘lganimda, eng asosiy muammo jamoat transporti ekanligi aytildi. Ya’ni, bir necha yil avval 22, 32 va 12-raqamli avtobuslar ushbu mahalla hududidan o‘tgan. Hozirgi kunda ushbu transportlar qatnovi to‘xtatilib, aholining boshqa manzilga borishida qiyinchilik tug‘ilgani bildirildi. Bu, ayniqsa, o‘quvchi va talabalarning darslarga qatnashida muammo keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ushbu hududda joylashgan 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi atrofidagi irrigatsiya tizimining ta’mirtalabligi va simyog‘ochlarning ma’nan eskirgani, ayrimlari yaroqsiz holatda ekanligi ham aytildi.
Bayon qilinganlardan guvoh bo‘lish mumkinki, muammolar dolzarb, ularning har biri tezkor chora ko‘rishni taqozo qiladi. Shu sababli, murojaatlar yuzasidan vakolatim doirasida tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yubordim. Albatta, so‘rovlarga javob berish 10 kun muddat talab qiladi. Rasmiylarning javoblari, aniqrog‘i, amaliy sa’y-harakatlari asosida masalani Kengash muhokamasiga olib chiqishni rejalashtiryapmiz. Zotan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Odamlarimiz ertaga emas, bugun baxtli yashashlari kerak”.
Muhiba Bobobekova,
xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.