Tilga hurmat millatga hurmat, degani

O‘zbek tili – ona tilimiz davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biridir.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar ijrosi arxiv sohasida ham so‘zsiz ta’minlanmoqda.
Xususan, viloyat davlat arxivida barcha hujjatlar davlat tilida yuritiladi. Arxiv o‘quv zallarida fuqarolar foydalanayotgan barcha xujjatlar, arxiv ish yuritishidagi xatlar, buyruqlar hamda arxiv nizomidan boshlab barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida yozilgan.
Bu borada Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbek tili bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda mazkur kafedra dotsentlari Bahora Yunusova hamda Muhayyo Vafoyeva o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi ahamiyati, uning qo‘llanish doirasi kengayib borayotgani va xorijda o‘rganilishi haqida so‘z yuritdilar.
Shu bilan birga bugungi kunda ayrim joylarda davlat tiliga bo‘lgan salbiy munosabat, o‘zbek imlo qoidalariga rioya qilmaslik holatlari tanqid qilinib, ayniqsa, yoshlarda ona tilini puxta o‘rganishga qiziqishni oshirish, bu borada targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligi ta’kidlandi.