Omonqo‘ton tog‘lariga ayiq qaytdi
Omonqo‘ton qishlog‘i Urgut tog‘lari orasidagi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi “Taxtiqoracha” dovonida joylashgan. Hududning so‘lim tabiati, sof havosi o‘ziga xos bo‘lib, to‘rt faslda ham mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan gavjum.
O‘tgan yil ushbu mahallaga “Turizm qishlog‘i” maqomining berilishi hududda turizmni rivojlantirish, mahalliy va xorijlik sayyohlarning tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishi, maroqli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat hamda qulayliklar yaratmoqda. Quyida bu haqida emas, mazkur hududning o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish, ko‘paytirish va qayta tiklash maqsadida bundan to‘rt yil avval tashkil etilgan “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i haqida so‘z yuritamiz.
“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 martdagi qarori asosida tashkil etilgan. Ushbu maskan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufida faoliyat yuritib, noyob tabiiy boyliklarni asrash va kelajak avlodlarga sog‘lom muhit qoldirishga qaratilgan muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
— Urgut ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 1,5 ming gektar yer maydoni milliy bog‘ uchun ajratilgan, — deydi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i direktori Azamat Amrullayev. — Shundan 1000 gektari qo‘riqxona zonasi, 400 gektari rekreatsiya, 100 gektari esa xo‘jalik yuritish hududlaridir. Asosiy maqsad — yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini muhofaza qilish, o‘rmon resurslarini saqlash va ekoturizmni rivojlantirish.
Qisqa vaqt ichida bog‘ hududida “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida qat’iy tartib o‘rnatildi. Ilgari aholi tomonidan chorva boqish, daraxt kesish, dorivor o‘simliklarni terish holatlari uchrab turgan bo‘lsa, bu kabi noqonuniy harakatlarga chek qo‘yildi. Targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, aholiga tabiatni asrash nafaqat bugun, balki kelajak avlodlar oldidagi burch ekani tushuntirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Omonqo‘ton hududida 1300 dan ortiq o‘simlik turi, 120 dan ziyod hayvon va jonzotlar yashaydi. Ularning katta qismi O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Ayni paytda 15 nafar xodim ana shu noyob boylikni asrab-avaylash yo‘lida xizmat qilmoqda.

— Ko‘rilgan choralar samarasi o‘laroq, tabiat tiklanmoqda, — deydi Azamat Amrullayev. — Qushlar, sudralib yuruvchilar va yovvoyi hayvonlar soni oshdi. Ilgari kam uchraydigan, “Qizil kitob”ga kiritilgan 37 tur o‘simlik hozir hududda keng tarqalmoqda. Milliy bog‘ ilmiy tadqiqotlar uchun ham ochiq. Samarqand davlat universitetining botanika va zoologiya kafedralari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, noyob turlarni o‘rganish va ko‘paytirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, Omonqo‘ton tog‘ lolasini invitro usulida ko‘paytirish tajribasi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, keng hududlarda ekish orqali go‘zal manzara yaratildi. Ov qilish taqiqlangani sababli ko‘chib yuruvchi qushlar va hayvonlar ham bu hududga qayta boshladi. Qariyb 70 yildan so‘ng Zarafshon qirg‘ovulining paydo bo‘lishi, shuningdek, ona ayiqning ikki bolasi bilan bog‘ hududiga kirib kelishi tabiat tiklanayotganining yorqin dalilidir.

Omonqo‘ton tog‘larida ko‘p asrlik Zarafshon tog‘ archasi, do‘lana, uchqat, achchiq bodom kabi noyob daraxtlar o‘sadi. Shuningdek, 1878 yilda Yevropa o‘rmonlaridan keltirilgan aylant, akatsiya, eman, zarang, yasen va qirim qarag‘ayi hozirda hududni quyuq o‘rmonzorga aylantirgan. Oxirgi monitoring natijalariga ko‘ra, bir million tupdan ortiq yosh nihollar tabiiy ravishda ko‘paygan va avval qurib qolgan o‘ndan ortiq buloqlar ko‘zi ochilib, tog‘ bag‘ridan zilol suv oqmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i xodimlarining qisqa vaqt ichida amalga oshirgan sa’y-harakatlari o‘z samarasini bermoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni butun go‘zalligi bilan asrab-avaylash bugun har qachongidan ham dolzarb ekani ushbu hudud misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.