Urgut tumanida tabiatga 1 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Tegishli idoralar tomonidan "Omonqo‘ton" milliy tabiat bog‘ining Yo‘lsoy bo‘limi hududida bir qator fuqarolar tomonidan noqonuniy yo‘l ochilib, o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Xususan, hududda noqonuniy yo‘l ochilib, 869 metr kvadrat maydondagi tuproqlar surilib, 1427 metr kvadrat maydon tuproq bilan ko‘milgan. Oqibatida 2693,9 metr kub muhofaza etiladigan hududda o‘suvchi O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1 112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1 479 tup o‘simlik nobud qilingan.

Shuningdek, 8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgani ortidan tabiatga 1 milliard 115 million 907 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.

Eslatib o‘tamiz, qo‘yilayotgan ayb isbotlansa, aybdor (lar) bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xabarlarga ko‘ra, jinoyat ishi tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.