Qish keldi. Urgutda mavsum bilan bog‘liq topshiriqlar ijrosi qay darajada bajarildi?

Davlatimiz rahbari yaqinda Urgutga tashrifi davomida mas’ullarga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash, farovonligini oshirish, muammolarini izchil bartaraf etib borishga oid qator topshiriqlar berdi. Ushbu vazifalar ijrosi qanday ta’minlanmoqda?

Jumladan, hududlarni qish kunlariga tayyorlash borasidagi amaliy ishlardan aholi rozimi? Rahbarlar mavsumni betalafot o‘tkazish mas’uliyatini his qilyaptimi?

Tuman hokimligida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida mas’ullardan ana shu savollarga aniq javoblar so‘raldi. Qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, ijtimoiy soha ob’yektlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash, aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda turli noxush holatlarning oldini olish masalalari batafsi muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, tumanda bugun aholi soni salkam 600 ming nafarni tashkil etadi. Hududda ayni yo‘nalishdagi muammolar oz emas. Demak, rahbarlar mas’uliyati ham shunga yarasha.

Shular hisobga olingan holda, ko‘mir, elektr, gaz ta’minoti, shuningdek ijtimoiy soha ob’yektlarining mavsumga muntazam tayyorlanishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.

Jumladan, 2025–2026 yillar mavsumi uchun aholiga ajratilishi belgilangan ko‘mir miqdori 62 907 tonnani tashkil etadi. Fuqarolarning buyurtmalari “my.coal” platformasi orqali qabul qilinmoqda. Bugungi kunga qadar aholiga 51 ming 255 tonna ko‘mir tarqatilib, reja 81 foizga ijro etildi.

Jarqishloq va Bunyodkor mahallalarida “O‘zbekko‘mir” AJning ko‘mir omborxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu omborlar orqali ko‘mir aholiga imtiyozli narxlarda yetkazib berilyapti. “Jarqishloq” ombori G‘oyibota, Chumchuqli, Quyiqishloq, Jarqishloq, Murodqishloq, Mingtepa, Ishchan mahallalariga xizmat ko‘rsatadi. “Bunyodkor” ombori esa Mirzaqishloq, Bunyodkor, Beshbuloq, Jo‘raptepa, Vag‘ashti, O‘rta Vag‘ashti, Yangi Vag‘ashti mahallalariga ko‘mir tarqatadi. Qolgan mahallalar aholisiga ko‘mir “Zarafshon” omboridan jadval asosida bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.

Ijtimoiy soha ob’yektlarini mavsumga tayyorlash maqsadida jami 11763 tonna ko‘mir ajratilishi belgilangan bo‘lib, bu reja 100 foizga bajarildi. Jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga 9041 tonna, sog‘liqni saqlash ob’yektlariga 2186 tonna, madaniyat bo‘limiga 50 tonna, sport bo‘limiga 25 tonna, oliy ta’lim va texnikumlarga 461 tonna. Barcha muassasalarda mavsum uchun yo‘naltirilgan ko‘mir zaxira qilib olindi.

Umumta’lim maktablari va MTTlarni mavsumga tayyorlash maqsadida jami 1,6 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 10 ta maktabning isitish tizimi butunlay yangidan ta’mirlandi. Bundan tashqari, 90 ta maktabga isitish qozonlari o‘rnatildi.

Tumanda 1 ta tibbiyot birlashmasi, 2 ta shifoxona, 6 ta oilaviy poliklinika, 19 ta OShP, 33 ta tez yordam shoxobchasi faoliyat ko‘rsatadi. Kuz-qish mavsumi uchun 642 million so‘mlik ta’mirlash ishlariga mablag‘ ajratildi. Unga muvofiq, 20 ta muassasaning tom qismi ta’mirlanadi, 1 ta qozonxona yangilanadi, 13 ta muassasaning issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinadi. Ayni damda shartnomalar rasmiylashtirilib, ishlarni boshlash jarayoni ketmoqda.

Urgutda 582,4 ming aholi elektr energiyasi bilan “Urgut” va “Dehqonobod” elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ta’minlanadi. Yil davomida 65 ta yangi transformator o‘rnatildi, 97,6 kilometr yangi havo tarmog‘i tortildi, 1429 ta temir-beton ustun o‘rnatildi, 124 ta transformator va 258 kilometr tarmoq ta’mirlandi, 354 kilometr tarmoq daraxt shoxlaridan tozalandi.

Ayni damga qadar 268 ta ob’yektga 7326,3 kVt quyosh panellari o‘rnatildi.

Tumanda 6031 ta xonadon va 157 ta ulgurji iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan (7,3 foiz). Qolgan aholi (92,7 foiz) maishiy gaz ballonlaridan foydalanadi. Joriy yilda 448 ta yangi gaz balloni tarqatildi.

Urgutda 90 ta ko‘p qavatli uy (3477 xonadon) mavjud bo‘lib, ularga “Binokor Star” va “Afrosiyob Maroqand” servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Uylar elektr, gaz va suv ta’minotiga to‘liq ulangan. Har bir bino bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va mahalla raislari biriktirilgan.

Bugun ham tumanda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun barcha yo‘nalishlarda zarur ishlar amalga oshirilmoqda.