Xavfsiz mehnat hayotni asrash demakdir
Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan 2003 yildan buyon 28 aprel Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.
Mazkur sana munosabati bilan dunyoning yuzdan ziyod mamlakatida, jumladan, O‘zbekistonda ham ish joyida jarohatlanish hamda kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylandi.
Bunday tadbirlarda aholiga munosib mehnat sharoitlari yaratish, xodimlar ruhiyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillar, ularni boshqarish usullari hamda bartaraf etish mexanizmlari, ishchi-xodimlarning ish jarayonida samarali faoliyat yuritishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mehnat muhofazasi madaniyatini rivojlantirish, korxona va tashkilotlarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar sifati va samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olishda ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilingani mehnat muhofazasi sohasida ish beruvchilar va xodimlar mas’uliyatini kuchaytirish, mehnatni muhofaza qilish xizmatlari faoliyatini takomillashtirishda dasturilamal bo‘lmoqda.