Nevaram o‘yinchoqdan kuyib qoldi

Lekin ular rastalardan olib tashlanmayapti

Yaqinda Samarqand shahridagi mashhur bolalar do‘konidan nevaramga o‘yinchoq olib berdim. O‘yinchoq muqovasida «3+» yozuvi bo‘lgani uchun uni hech ikkilanmay 5 yoshli nevaramga berdik. O‘yinchoq egiluvchan, bukiluvchan, turli shaklga kiradigan bir massadan iborat bo‘lgani uchun u bilan bemalol qo‘lida o‘ynab yurdi. Ammo oradan bir necha soat o‘tgach, o‘yinchoq teshilib qoldi va uning ichidagi suyuqlik bolaning qo‘liga tegdi. Barcha muammolarimiz ana shundan so‘ng boshlandi. Bolaning qo‘llari kuyib, terisi archila boshladi. To shifokorga olib borgunimizga qadar ham bir nechta barmog‘idagi jarohat chuqurlasha boshladi.

Tahlillar topshirdik, shifokor ko‘rigidan o‘tdik. Bir nechta tekshiruvdan keyin mutaxassislar bolaning qo‘llari «kimyoviy kuyish» olganini tasdiqlashdi. Bir necha kun davomida davoladik. Dilbandimizning nozik barmoqchalari terisi yaxshilana borayotganini ko‘rganimizdan so‘nggina xotirjam bo‘ldik.

Xavotirlarimiz biroz bosilgach, o‘yinchoqni olgan do‘kon bilan bog‘lanish haqida o‘yladim. Axir bunday o‘yinchoqlar soni ko‘p, boshqa bolalar ham bundan jarohat olib, biz kabi qiynalishlari mumkin-ku, degan xavotirda do‘kon egalarini ogohlantirmoqchi bo‘ldim. Telefon raqamlarini topib, menejer bilan bog‘landim. O‘yinchoqlar xavfsiz emasligini aytib, xavotirimni bildirdim. Narigi tomondan: «Qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazamiz», deyishdi.

Lekin keyingi gal do‘konga borsam, shu o‘yinchoqlar rastalarda qator bo‘lib turibdi. Yana menejer bilan bog‘lanib, yuqoridagi fikrlarimni bildirdim. U bo‘lsa: «Opa, xarajatlaringizni to‘lab beramiz, bezovta bo‘lmang. Qolaversa, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazdik, o‘yinchoq zararsiz ekan», degan javobni berdi.

– Nevaramizni tuzatib oldik, xarajatlarimizni to‘lab berishingizga ehtiyojimiz yo‘q, – dedim. – Boshqa bolalar zararlanishini istamayman, xolos. Bu o‘yinchoqlarni sotuvdan chiqarib tashlang, iltimos.
Menejer bilan suhbatimiz shu tariqa yakunlandi. Ammo o‘yinchoqlar rastalarda sotilmoqda. Men esa boshqa bolalardan xavotirdaman.
To‘g‘risi, ularga fikrlarimni uqtirolmadim. Vaholanki, nevaramning biror buyumga allergiyasi yo‘q, buni laboratoriya tahlillari ham tasdiqlab berdi. Qolaversa, tekshiruv natijalari ham «kimyoviy kuyish» degan tashxisni tasdiqlab berdi. Qiziq, bu masalaga javobgar tashkilot bormikan? Tadbirkorlar bu haqda ogohlantirilgandan so‘ng ham bu kabi o‘yinchoqlarni sotishi qanchalik vijdonsizlik?
Internet tarmog‘ini kuzatsam, bunday o‘yinchoqlardan zarar ko‘rganlar faqat biz emas ekanmiz. Avval ham shu kabi hodisalar ro‘y bergan ekan. Lekin nega o‘shandan keyin ham bu o‘yinchoqlarning mamlakatimizga kirib kelishi oldi olinmayapti, axir?! Bunga kim javob beradi?

Dilorom MAMATQULOVA,
Samarqand shahri.

P/S.Tahririyatda qizaloqning "kimyoviy kuyish" olganligini tasdiqlaydigan laboratoriya tahlillari hamda mazkur mahsulot qaysi do‘kondan xarid qilingani bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.