Madrasadan zamonaviy geografiyagacha

Samarqandda bir dargoh borki, uning tarixini yillar bilan emas, asrlar bilan o‘lchash mumkin. Uning ildizlari Mirzo Ulug‘bek davriga, ilm-fan va ma’rifat yuksak qadrlangan XV asrga borib taqaladi. Bugun Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ana shu ulug‘vor an’ananing zamonaviy davomchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Asrlar o‘zgardi, davrlar almashdi. Ammo Samarqandda ilmga bo‘lgan ehtiyoj, ma’rifatga intilish va ta’lim an’anasi yo‘qolmadi. 1920 yildan boshlab Mirzo Ulug‘bek madrasasi mudarrislari pedagogik kadrlar tayyorlashga qaratilgan qisqa muddatli kurslarga jalb etildi. Ularning bitiruvchilari keyinchalik turli ta’lim muassasalarida dars berib, yangi avlodga bilim va tarbiya berishda muhim o‘rin tutdi. Shu tariqa Samarqandda zamonaviy oliy pedagogik ta’lim tizimining shakllanishi uchun zamin yaratildi.

Universitet tarixini uning bag‘ridan yetishib chiqqan taniqli shaxslarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Turli yillarda bu yerda tahsil olgan Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Ibrohim Mo‘minov, Yahyo G‘ulomov, Muhammad Osimi, Abdulla G‘ani, Mirtemir, Usmon Nosir, Manzura Sobirova, Habib Yusufiy, Omon Matjon, Nodir Jonuzoq, Vohid Luqmon, Orif To‘xtash kabi ko‘plab olim, shoir, yozuvchi va davlat arboblarining nomi O‘zbekiston ilm-fani, adabiyoti, madaniyati va davlatchilik tarixida munosib o‘rin egallagan. Ularning har biri o‘z sohasida o‘chmas iz qoldirdi. Bu esa bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: haqiqiy ta’lim dargohi faqat diplom bermaydi. U jamiyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan, o‘z sohasida yangi yo‘nalishlar ochadigan, xalq va mamlakat taqdiriga daxldor shaxslarni tarbiyalaydi.

Universitetning ko‘p tarmoqli ilmiy maktabida geografiya fanining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Geografiya fakulteti 1966 yilda tashkil etildi. Fakultetning shakllanishi va rivojlanishida uning asosiy tashabbuskori va tashkilotchisi, professor Mardon Umarovning xizmati katta. U 1966–1991 yillar davomida 25 yil fakultet dekani sifatida faoliyat yuritib, ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash, fakultetning ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasida katta tashkiliy ishlarni amalga oshirdi. Ammo geografiyani faqat xarita va joy nomlari bilan bog‘lash - bu fanning bugungi mazmunini to‘liq ifodalamaydi.

Geografiya — inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni anglash, hududlarning rivojlanish qonuniyatlarini tadqiq etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni baholash imkonini beradigan muhim ilm. Shu ma’noda, bugungi geografiya fani Mirzo Ulug‘bek davrida shakllangan ilmiy tafakkur an’analarining zamonaviy ko‘rinishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ulug‘bek davrida olimlar osmon jismlarining harakatini kuzatgan bo‘lsa, bugungi geograflar Yer yuzasidagi jarayonlarni sun’iy yo‘ldoshlar, geografik axborot tizimlari, raqamli xaritalar va zamonaviy modellashtirish usullari orqali o‘rganmoqda.
Usullar o‘zgardi, texnologiyalar yangilandi. Lekin asosiy maqsad tabiatni anglash, uning qonuniyatlarini ochish va inson hayoti uchun muhim bo‘lgan jarayonlarni ilmiy asosda tadqiq etish masalalari o‘zgargan emas.

Zamonaviy geografiya: tabiat, suv va iqlim. Bugungi kunda fakultetda geografiya, ekologiya va gidrologiya yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar, geografiya, tabiiy fanlar, ekologiya va gidrologiya mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Fakultetda shakllangan ilmiy-pedagogik maktab bugun ham o‘z faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Zamonaviy o‘quv jarayoni kompyuter sinflari, geologiya muzeyi, o‘quv xonalari va boshqa o‘quv-ilmiy ob’yektlar bilan ta’minlangan bo‘lib, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda. Fakultetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda atrof-muhitni muhofaza qilish, ichimlik suvlari sifati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shamol resurslarini o‘rganish va xaritalash, Zarafshon vodiysining rekreatsion, turistik va ekologik xaritalarini yaratish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bularning barchasi bugungi geografiya fanining hayot bilan qanchalik chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, ekologik muammolar va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bugun geograflar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Zarafshon vodiysi, uning daryolari, tog‘lari, muzliklari, suv omborlari va tabiiy landshaftlarini o‘rganish nafaqat ilmiy, balki amaliy ahamiyatga ham ega. Chunki bu tadqiqotlar hududning ekologik barqarorligi, suv xavfsizligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq.
Fakultet tarixida xalqaro hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Fakultet a’zolari TACIS/TEMPUS dasturlari doirasida turizm, urbanizatsiya va shahar ekologiyasi masalalari bo‘yicha Belgiya, Ispaniya va Italiya bilan hamkorlikdagi loyihalarda ishtirok etdilar. Xorijiy hamkorlar bilan ilmiy va ta’limiy aloqalar professor-o‘qituvchilarning tajribasini boyitish, yangi ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish va ta’lim jarayonini rivojlantirishga xizmat qildi.

Bugun ham bu an’ana davom etmoqda. Fakultet professor-o‘qituvchilari xalqaro loyihalar va ilmiy tadqiqotlar doirasida xorijiy hamkasblar bilan hamkorlik qilmoqdalar. Zero, zamonaviy ilmning chegarasi yo‘q. Ilmiy g‘oyalar almashinuvi, tajriba va texnologiyalar uyg‘unligi yangi natijalarga yo‘l ochadi. Mash’al qo‘ldan-qo‘lga o‘tadi. 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasida Klavdiy Ptolomey nazariyasi haqida ilmiy ma’ruza qilingan edi. Bugun, oradan olti asr o‘tib, Samarqanddagi olimlar Yer yuzidagi tabiiy jarayonlarni raqamli texnologiyalar, GAT, masofadan zondlash, zamonaviy statistik usullar va matematik modellar asosida o‘rganmoqdalar. Bir qarashda bu ikki davr o‘rtasida ulkan farq bordek ko‘rinadi. Bir tomonda — qog‘oz, qo‘lyozma, astronomik jadvallar va kuzatuvlar. Ikkinchi tomonda — kompyuterlar, sun’iy yo‘ldoshlar, raqamli xaritalar va zamonaviy modellar. Ammo ularni birlashtirib turgan bitta buyuk kuch bor. Bu ilmga ishonch va haqiqatni izlashga intilish. Shuning uchun Samarqand davlat universiteti tarixini faqat o‘tmish haqidagi xotira sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Bu tarix — bugungi kun uchun ham, kelajak uchun ham mas’uliyatdir. Ulug‘bek davrida ilm mash’ali yoqildi. Keyingi avlodlar uni asrab, yanada boyitdilar. Bugun esa bu mash’al yangi avlod olimlari qo‘lida. Eng muhim vazifa — uni so‘ndirmaslik. Uni yangi ilmiy kashfiyotlar, yangi g‘oyalar va yangi avlod bilimlari bilan yanada yorqin qilish. Chunki Samarqandda ilm tarixi tugamagan. U davom etmoqda.

B.MELIYeV,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish va geomatika kafedrasi mudiri, dotsent.
S.HAYDAROV,
kafedra dotsenti.