Samarqand mezbonlik qilayotgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasining ikkinchi turi yakunlandi.

Unda O‘zbekistonning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi oltita jamoasi navbatdagi uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Natijalarga ko‘ra, vakillarimiz to‘rtta jamoaviy g‘alabaga erishdi. Ikki uchrashuvda esa raqiblar ustun keldi.

Erkaklar bahsida O‘zbekiston-1 Peru bilan kuch sinashib, 3,5:0,5 hisobida zafar quchdi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov o‘z doskalarida to‘liq ochko keltirdi. Muhiddin Madaminovning partiyasi durang bilan tugadi.

O‘zbekiston-2 esa turdagi eng yirik natijalardan birini qayd etdi. Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyorov, Ortiq Nig‘matov va Humoyun Begmurodov Jazoir vakillariga qarshi o‘tkazgan barcha partiyalarida g‘alaba qozondi — 4:0.

O‘zbekiston-3 Germaniyaga qarshi bahs olib bordi. Ushbu uchrashuvda Muhammadali Abdurahmonov yarim ochko keltirdi, Saidakbar Saydaliyev, Bahrom Bahrillayev va Almas Rahmatullayev esa partiyalarini boy berdi. Yakuniy hisob — 0,5:3,5.

Ayollar o‘rtasida O‘zbekiston-1 Ekvadorga birorta ochko bermadi. Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova va Nilufarxon Imomqo‘ziyeva o‘z partiyalarini g‘alaba bilan yakunladi — 4:0.

O‘zbekiston-2 ham turnirni muvaffaqiyatli davom ettirdi. Iordaniyaga qarshi uchrashuvda Nilufar Yoqubboyeva, Madina Halilova va Asal Salimova g‘alaba qozondi. Mumtozbegim Mansurova durang qayd etdi va jamoa 3,5:0,5 hisobida ustun keldi.
O‘zbekiston-3 va Ispaniya o‘rtasidagi qarama-qarshilik esa 1,5:2,5 hisobida yakunlandi. Maftuna Bobomurodova O‘zbekiston hisobiga bir ochko yozdirgan bo‘lsa, Barchinoy Shokirjonova yarim ochkoga ega chiqdi.

Endi jamoalarimizni uchinchi tur bahslari kutmoqda. Erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston-1 Avstriya, O‘zbekiston-2 Germaniya, O‘zbekiston-3 Marokash bilan uchrashadi. Ayollar bahsida esa O‘zbekiston-1 Indoneziya, O‘zbekiston-2 Ispaniya, O‘zbekiston-3 Saudiya Arabistoniga qarshi dona suradi.