Bir tup nihol — bir umid, bir gul — bir quvonch, bir urug‘ esa ertangi kunga ekilgan ezgu niyat

Samarqand shahridagi Orif Gulxaniy uy-muzeyida «Samarqandni gulga burkaymiz! 110» gulsevarlar aksiyasi hamda «Har bir o‘quvchining o‘z guli bo‘lsin!» ekologik harakati doirasida adabiy-badiiy va xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tabiatga mehr, atrof-muhitga e’tibor va ezgulikni yosh avlod qalbiga singdirishga qaratilgan ushbu tadbir adabiyot, san’at va xayrli tashabbuslarni o‘zida uyg‘unlashtirdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov Orif Gulxaniy uy-muzeyi tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik tashabbuslar haqida gapirib, bunday xayrli ishlar yosh avlodni tabiatga mehr va mas’uliyat ruhida tarbiyalash, sinfxonalar, maktab hududlari hamda aholi yashash maskanlarini yanada obod va ko‘rkam qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbir davomida ijodkorlar Vatan, Samarqand va gullar haqida she’rlaridan namunalar o‘qidilar. Xonandalarning dilrabo qo‘shiqlari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Tadbirda ishtirokchilar mahalla va muzey o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir ramziy ifodasiga guvoh bo‘lishdi. Xoja Ahror Vali mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi San’atjon Hamrayev Orif Gulxaniy uy-muzeyiga mahallaning XVIII asrdagi ko‘chalaridan biri aks ettirilgan tarixiy rasmni taqdim etdi.

Tadbirning eng muhim jihati, shubhasiz, uning amaliy va xayrli mazmuni bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu «yashil» tashabbus doirasida Oqdaryo tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablariga 42 mingdan ortiq turli o‘simliklar, gul piyozlari va urug‘lari bepul taqdim etildi.

Bu raqam ortida esa minglab bolalarning quvonchi, maktablarning yanada yashil va obod qiyofasi, eng muhimi, yosh avlod qalbida tabiatga mehr tuyg‘usini shakllantirishdek ezgu maqsad mujassam.

Oqdaryo tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining mas’ul xodimi Himmatjon Bo‘lakov bugun qabul qilib olingan gullar mehr va e’tibor bilan parvarishlanishini ta’kidlab, tadbir ishtirokchilarini kelgusi bahorda tuman maktablariga borib, qilingan mehnatning samarasini ko‘rishga taklif qildi.

Ta’lim muassasalariga ma’naviy tuhfalar ham ulashildi. Jumladan, Malikai Baxtiyorning «Dunyoning bezagidir nabira» kitobi sovg‘a qilindi.

Tadbir yakunida Orif Gulxaniy uy-muzeyi hamda Oqdaryo tumani ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, o‘quvchilar qalbida tabiatga mehr uyg‘otish, har bir maktabni gullar va yashillik maskaniga aylantirishga qaratilgan yangi xayrli loyiha va tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.