“Shishali shift”ni yengib o‘tayotgan ayollar
Ular kimlar? “Raqamli shovqin” muhitida jurnalist ayollar o‘zini qanday himoya qilmoqda?
Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik konferensiya Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchisi, bloger, xalqaro ekspert va huquq himoyachilarini bir joyga jamladi.
“Mintaqaviy birdamlik, raqamli xavfsizlik va jurnalistikaning inklyuziv kelajagi” mavzusidagi II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi, mintaqaviy hamkor sifatida Tojikiston jurnalist ayollari milliy koalitsiyasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi.
Butun dunyoda jurnalistlar xavfsizligi muhim ahamiyatga ega, ayniqsa, jurnalist ayollar himoyasini ta’minlash bu sohaning erkin faoliyat yuritishi demakdir, - dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar. - Jurnalist ayollar voqeliklarni asl holatda aks ettirishni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Ammo butun dunyo miqyosida jurnalist ayollar oddiygina, kundalik faoliyatida, shunchaki o‘z ishini bajarayotgani uchun ta’qibga uchrash holatlari uchrab turadi. Shuning uchun ham “shishali shift”ni sindirib o‘tish va bunga jamiyat ham harakat qilishi lozim.
Ikki yil muqaddam biz, eng avvalo, Markaziy Osiyo ayol jurnalistlarini birlashtirish zarurati haqida gapirgan edik, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymanova. - Bugun esa navbatdagi qadamni tashlash – mintaqaviy hamkorlikni kasbiy aloqalar hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning amaliy tizimiga aylantirmoqdamiz. Media sohasidagi ayollar qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, bir-biriga juda o‘xshash chaqiriqlarga – raqamli ta’qib va kasbiy bosimdan tortib, sun’iy intellekt olib kelayotgan shiddatli o‘zgarishlargacha bo‘lgan muammolarga duch kelishmoqda. Boshga tushayotgan bu chaqiriqlarga esa birgalikda javob berish ancha samaralidir.
Forum davomida “shishali shift”, ya’ni turli ichki bosim va qo‘rquvlarni, jamiyatda shakllangan qolipli qarashlarni yengib, jurnalistika sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlar tajribasi o‘rganildi, ular bilan savol-javoblar uyushtirildi.
Tahririyatlar ishida sun’iy intellektning ta’siri konferensiyaning markaziy mavzularidan biriga aylandi. Ekspertlar va ishtirokchilar tahririyat faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanishning etik tamoyillari, uning axborotni tahlil qilish hamda jurnalistik surishtiruvlardagi imkoniyatlari, shuningdek, sintetik kontent va dipfeyklarning tarqalishi hamda axborot manipulyasiyasining yangi shakllari bilan bog‘liq xavf-xatarlarni muhokama qildilar.
Gulruh MO‘MINOVA