Tabiiy geografiya va landshaftshunoslik maktabi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti salohiyati yuksalishida geograf olimlarning ham hissasi bor.
Oliygohda ilk geograf mutaxassislarni tayyorlash 1931 yildan boshlangan. Samarqand tabiiy geografiya va landshaftshunoslik ilmiy maktabining rivojlanishi va ravnaq topishida ustoz geograflardan professor V.Lapota, N.Anuchin, N.Sherbakov, Ya.Leven, M.Umarov, I.Xalmuradov, A.Saidov, S.Nishonov, J.Xoshimov, A.Abdujabborov, Z.Sultonov, A.Abdulqosimov, L.Alibekov, S.Abbosovlarning xizmati katta.
O‘tgan vaqt davomida ustoz geograflar mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga hissa qo‘shib, hududiy tabiiy geografiya, tabiiy resurslarlardan oqilona foydalanish, landshaftlardan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish, tabiiy geografik rayonlashtirish ishlarini rivojlantirdi. Bu yo‘nalishda M.Umarov, S.Nishonov, A.Saidovlar, landshaftshunoslik va voha landshaftlari bilan I.Xalmuradov, Z.Sultonov, A.Abdulqosimov, A.Raxmatullayev, tog‘ landshaftlari va karstshunoslik tadqiqot ishlari bilan J.Xoshimov, A.Abdujabborov, Z.Tog‘ayev, landshaftshunoslik va cho‘llanish muammolari bilan L.Alibekov, S.Abbosov va boshqalar shug‘ullanishdi.
Ushbu ilmiy maktab namoyandalari tomonidan olib borilgan ishlar vatanimiz tomonidan yuksak e’tirof etilib, professorlar A.Abdulqosimov “El-yurt hurmati” ordeni va L.Alibekov “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvonlariga munosib topildi.
Bugungi kunda ham ushbu ilmiy maktabning yosh davomchilari ustozlar an’analarini davom ettirib, tabiiy geografiya va landshaftshunoslikning turli yo‘nalishlarida tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Xolmurzo NAZAROV,
Sh.Rashidov nomidagi SamDU geografiya va tabiiy resurslar kafedrasi dotsenti.