Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Universitet tarixining oltin sahifalari

* 21 sentyabr – Samarqand davlat universiteti kuni

X asr arab sayyohi Abulqosim ibn Xavqal «Samarqand Movarounnahrning olimu fuzalo, adiblari yig‘ilgan shahar bo‘lib, ularning eng mashhuri Samarqandda ta’lim va tarbiya olib kamolotga erishganlar», deb yozgan edi.

Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida shahar ilm-fan va madaniyat markazi sifatida jahonga tanildi. 1420 yilda Ulug‘bek asos solgan madrasa ilg‘or, mukammal oliy o‘quv yurti, Sharqdagi birinchi dorilfunun va keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan ilmiy muassasa sifatida shuhrat qozondi.

Sohibqiron o‘z saltanatining ma’rifiy-madaniy yuksakligi, ilm-fan qudrati uchun boshqa yurtlardan olimu hunarmandlarni Samarqandga chorlagan. Bu an’ana Mirzo Ulug‘bek davrida ham davom ettirilib, Arabu Ajam, Rumu Hindistonning ko‘plab iqtidorli insonlari Samarqandga intildi.

Ulug‘bek madrasasi peshtoqiga «Ilm olishga intilish barcha muslim va muslimalarga farzdir» deb yozib qo‘yilgan. Oliy madrasada Qozizoda Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Ali Qushchi, Mavlono Muhammad Hanifiy, Xoja Ahrori Vali singari buyuk allomalar tahsil olishdi.

XV asrning 20-yillarida Samarqandda Ulug‘bek rahbarligi va rahnamoligida 70 dan ortiq fanlar sohasida olimlar «oliy madrasa»da yig‘ilib, “Dorul hikmat” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan o‘z davriga xos akademiya – universitet tashkil qildilar. “Dorul hikmat” olimlari riyoziyot, ilmi hay’at, handasa, jo‘g‘rofiya, tarix, ilmu nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz (she’riyat), ilmi hisob, teologiya, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fanlarning turli sohalarida asarlar yaratdi va shu fanlar madrasai oliyada o‘qitildi.

Qozizoda Rumiy yaratgan tabiiy fanlar sohasidagi yo‘nalish, riyoziyot va falakiyot sohasidagi Mirzo Ulug‘bek (1394-1449) maktabi, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Koshiy, Mahmud ibn Muhammad kabi olimlarning asarlari Samarqand ilmiy maktabining dong‘ini dunyoga taratdi.

G‘iyosiddin Jamshid al-Koshiyning maktubidagi quyidagi satrlar Samarqand shahrining Sharq olamidagi o‘rnini e’tirof etadi: «Koshonda va uning atrofida bir-ikki kishi ilm bilan shug‘ullanib, o‘z yaqinlarini ishontirishadi. Ayrimlari o‘z bilimlariga ega bo‘lsalarda, ularni hech kim tan olmaydi. Haqiqiy ahvol esa ularning hech birlariga ma’lum emasdir. Samarqandda esa ahvol butunlay boshqachadur. Chunki sultonning o‘zlari olimdur, beqiyos allomadir. Va, hozirda Samarqandda eng mashhur allomalar to‘planishgan. Bu allomalar dunyodagi mavjud ilmlarning katta bilimdonlaridir. Tangri shohid men bu gaplarni iltifot yuzasidan aytayotganim yo‘qdir».

Mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotining tarixiy ildizlarini o‘rganar jarayonida “1917 yilgi inqilobga qadar o‘zbek xalqining asosiy qismi savodsiz bo‘lganligi, O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan oliy o‘quv yurtlari ham faqat ana shu davrdagina yuzaga kelgan va oliy ta’lim bu yerda XX asrdan boshlab shakllangani» haqidagi gaplar o‘ta safsata, g‘ayriilmiy xulosalar ekanligiga guvoh bo‘lamiz.

Samarqandda qadimdan ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos tizimi shakllangan. Akademik Botirxon Valixo‘jayev Samarqanddagi madrasalarning ta’lim tizimini tahlil qilib, ulardagi o‘qish-o‘qitishning ko‘p jarayonlari hozirgi universitetlar ta’lim-tarbiya faoliyatiga o‘xshashligini e’tirof etadi: «Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek 1420 yilda asos solgan madrasai oliyaning bevosita vorisidir». Olim «Samarqandda oliy ta’lim – oliy madrasa – universitet tarixidan lavhalar» nomli asarida o‘tmishimizdagi ta’lim-tarbiya tizimi uch bosqichdan iborat bo‘lganligini ko‘rsatib, boshlang‘ich ta’lim – madrasat ul-ibtidoiya – boshlang‘ich madrasa, umumiy ta’lim – madrasat ul-sanoviya – ikkinchi bosqich madrasasi, oliy ta’lim – madrasayi oliya – oliy madrasa nomlari bilan yuritilganligini aytadi. Oliy madrasaning ikki ma’noga ega bo‘lgani, «birinchisi madrasa hajmining ulug‘ligi, me’moriy uyg‘unlik, hattotlik, koshinkorlik jihatdan san’atkorlikning oliy darajasida; ikkinchisi, mohiyatan boshqa madrasalardan farq qiluvchi, ya’ni ta’lim bosqichining eng yuqori oliy dargohi ekanligini ta’kidlaydi.

Boshqa bir tadqiqotchi N.Nemseva XI-XII asrda Samarqand shahrida 17 ta madrasa mavjud bo‘lganligi va madrasalar shaharning o‘ziga xos «oliy o‘quv yurtlar shaharchasi» - Roboti G‘oziyonda joylashganligini ko‘rsatadi.

Turkiston xalqlari ta’lim tizimidagi oltin asr, shubhasiz, Mirzo Ulug‘bek davri (1409-1449) hisoblanadi. U hukmronlik qilgan 40 yil davomida yurtimiz dunyo sivilizatsiyasining peshqadamlik o‘rnini egallaydi.

Amir Temur saltanati bo‘linib ketgandan so‘ng ham yurtimiz madaniyatining rivoji to‘xtab qolmadi. Abdulloxon davridagi Buxoro, Amir Umarxon davridagi Qo‘qon, Muhammad Feruz davridagi Xiva xonliklarida amalga oshirilgan fan va madaniyat, ta’lim va tarbiya sohasidagi islohotlar bu sohalarda jahon talablaridan orqada qolmaganligimizning dalilidir. 

Shunday  qilib,  Samarqandda   IX-X asrlarda   20 ga    yaqin     madrasa, XII asrda Tamg‘ochxon, XIV asrda Muhammad Sulton, Qutbiddin Sadr, Firuzshoh, XV asrda Saroymulkxonim - Bibixonim, Amir Shohmalik, Xoja Fazlulloh, Abu Lays Samarqandiy madrasa-xonaqohi, Mirzo Ulug‘bekning oliy madrasa majmuasi, Xoja Ahror Vali, Ahmad Hojibek, Mir Tarxon, Amir Burunduq, XVI asrda Shayboniyxon, Sadr Mavlono Abdurahim Turkistoniy, Abu Said, XVII asrda Sherdor, Nodir Devonbegi, Tillakori, Qozi G‘afur, Qozi Soqi, Ahmad Hoji, Mirjon Vafo, XIX asrning oxirida Do‘stbek boy madrasalari faoliyat yuritgan.

XX asrda sovet hukumati Samarqandning qadimgi ilmiy va madaniy salohiyatini va Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi  ziyolilarining matbuotda to‘xtovsiz chiqishlarini e’tiborga olib, o‘sha vaqtda respublika poytaxti bo‘lgan Samarqandda 1924 yili ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtini ochish haqida qaror qabul qildi. Shunday qilib, Samarqand davlat universitetining shakllanishiga dastlabki asos yaratildi. 1927 yil bu o‘quv muassasasi Samarqand oliy pedagogika institutiga aylandi. 1930 yilda ushbu o‘quv dargohi Samarqand oliy pedagogika akademiyasi, 1933 yil Samarqand davlat universiteti degan nom oldi. 1960 yil universitetga Alisher Navoiy nomi berildi. 2022 yil 13 yanvardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berilishi belgilandi.

Bugun SamDUda 7 ta institut, 7 ta fakultet, 66 ta kafedra va o‘nlab ilmiy-o‘quv laboratoriyalar, 7 ta o‘quv va ilmiy markaz, malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi, ilmiy kutubxona, nashr-matbaa markazi, 2 ta akademik litsey va ixtisoslashgan fizika-matematika maktabi, 5 ta muzey, doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazuvchi 11 ta ixtisoslashgan ilmiy kengash ishlamoqda. Dunyoning 200 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

SamDU jahondagi nufuzli ilmiy va o‘quv markazlaridan biri sifatida tan olingan. Uning bag‘rida ko‘plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqot laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi, falsafa, tarix-arxeologiya, molekulyar optika, yadro va kosmik nurlar fizikasi, differensial tenglamalar va matematik fizika, botanika, zoologiya, biokimyo, organik va analitik kimyo kabi sohalarni qamrab olgan qator ilmiy maktablar hamda samarali ishlab turgan laboratoriyalar shular jumlasidandir.

Universitet o‘zining «SamDU ilmiy tadqiqotlar axborotnomasi»ga ega. Ilmiy-o‘quv kutubxonada jahonning 50 dan ortiq tilida nashr etilgan 3 milliondan ortiq kitob jamlangan. Kutubxonaning sharq qo‘lyozmalari bo‘limida 11 mingga yaqin nodir qo‘lyozma va toshbosma kitoblar saqlanmoqda.

Keyingi o‘tgan salkam bir asrlik vaqt mobaynida universitet xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun 200 mingga yaqin malakali mutaxassislar tayyorlab berdi. Ular orasida yirik davlat, fan va madaniyatimiz arboblari bor.

SamDUning jahondagi nufuzli ilmiy va o‘quv markazlari orasida alohida mavqega ega bo‘lishida uning bag‘rida shakllangan ko‘plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Bular o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi, falsafa, tarix-arxeologiya, molekulyar optika, yadro va kosmik nurlar fizikasi, differensial tenglamalar va matematik fizika, botanika, zoologiya, biokimyo, organik va analitik kimyo kabi qator ilmiy maktablardir.

Universitetning dastlabki ilmiy maktablari orasida o‘zbek tilshunosligi maktabiga XX asrning 20-30-yillarida asos solingan bo‘lib, uning shakllanishida Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy, Sadriddin Ayniy, akademik Vohid Abdullayevlarning hissasi katta bo‘ldi. Keyinchalik bu maktab Rahim Muqumov, Orif Ikromov, Nuriddin Shukurov, Boturxon Valixo‘jayev, Saydulla Mirzayev, Isroil Mirzayev, Hotam Umurovlar tomonidan rivojlantirildi.

O‘zbek adabiyotshunosligi maktabidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri navoiyshunoslik yo‘nalishidir. Vohid Abdullayev va Boturxon Valixo‘jayevlarning O‘zFA akademigi bo‘lishi SamDU navoiyshunoslar maktabining nafaqat respublikamizda, balki jahon miqyosidagi nufuzini oshirdi.

Mustaqillik yillarida ushbu maktab vakillari erishgan eng yirik yutuqlar sifatida akad. B.Valixo‘jayevning 1997 yilda Tehronda nashr qilingan «Xo‘ja Ahrori Vali» (2001 y.) va «Samarqandda oliy ta’lim - oliy madrasa-universitet tarixidan lavhalar» (Samarqand, 2001 yil) monografiyalarini hamda «Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari» (Samarqand, 2001 yil) risolasini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, olimning "Mirzo Ulyg‘bek davri madrasalari" kitobida XIV-XV asrdagi ta’lim muassasalari vazifasini bajargan madrasalar haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.

Tarixchilar ilmiy maktabiga O‘rta Osiyo xalqlari tarixining chuqur  bilimdoni professor Po‘lat Soliyev va XIX-XV asr temuriylar davri manbashunosligining mutaxassisi professor I.Umnyakovlar asos solishgan deyish mumkin. Tarixshunoslik maktabining rivojlanishida akademik I.Mo‘minov va professorlar Yu.Aleskerov, M.Aminov, M.Jo‘raqulov, M.Abramov, M.Egamberdiyev, A.Tilavov, F.Haydarovalarning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatlari alohida o‘rin tutadi. Ular o‘zlarining izlanishlari va yetuk mutaxasislar tayyorlash faoliyatlari bilan oliy ta’lim muassasamiz nufuzini ko‘tarib keldilar.

Arxeologiya maktabi - SamDUda arxeologiya bo‘yicha ilmiy yo‘nalishga 1944-1945 o‘quv yillarida asos solingan bo‘lib, uning asoschilari sifatida akademik Yahyo Fulomov va professor D.Levl, M.Juravkulovlarni ta’kidlash lozim.

Falsafa maktabi - Samarqand falsafa maktabi 1930-1940 yillarda akademik Ibrohim Mo‘minov rahbarligida shakllantirilgan bo‘lib, hozirda maktab vakillari Markaziy Osiyo ma’naviy taraqqiyotining falsafiy muammolari (umumbashariy va mintaqaviy jihatlar), O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy taraqiyotining ob’yektiv va sub’yektiv omillari, O‘zbekistonda demokratik qurish nazariyasi va amaliyoti muammolarini o‘rganishga qaratganlar.

Molekulyar optika ilmiy maktabi - Sankt-Peterburg universiteti professori M.Vuksning bevosita tashabbusi va yordamida akademik Akbar Otaxo‘jayev tomonidan 1960 yillarda yaratilgan.

Maktabning ayni paytdagi vakillari yorug‘likning molekulyar sochilishi va yutilishi muammolari, yorug‘likning kombinatsion sochilishi, infraqizil spektroskopiya, nochiziqli optik jarayonlar, molekulyar lyuminessensiya, gaz va suyuq aralashmalarning tebranish spektrlarini o‘rganish, lazer spektroskopiyasi sohalarida izlanishlar olib bormoqda. Bu sohadagi turkum ishlar uchun akademik A.Otaxo‘jayev, prof.L.Sobirov Beruniy davlat mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

Yadro va kosmik nurlar fizikasi ilmiy maktabi - 1940 yillarda professor Muso Mo‘minov tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, hozirda ilmiy yo‘nalishlar akad. T.Mo‘minov raxbarligida olib borilmoqda. Ilmiy maktabda O‘zFA Yadro fizikasi instituti, O‘zMU qoshidagi Amaliy fizika ilmiy tadqiqotlar instituti, Dubna shahridagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti  olim-mutaxassilari bilan o‘zaro qamkorlikda radioaktiv nurlanishlarning moddalar bilan ta’sirlashuvi, radioaktiv nurlanishlarning o‘simliklarga ta’siri, yadro va elementar zarralar fizikasi, tezlatgichlar texnikasi, kosmik nurlar va astrofizika, kvant maydonlar nazariyasi sohalarida ilmiy tadqiqotlar rivojlantirilmoqda.

Magnit hodisalari fizikasi ilmiy maktabining  shakllanishi va bugungi kundagi nufuzi professor, fizika-matematika fanlari doktori, Obloqul Quvondiqovning faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, (nodir) siyrak yer elementlarining elektr, magnit va galvanomagnit xususiyatlari, shuningdek Ni-Cu sistemasiga kiruvchi qotishmalarning magnit qabul qiluvchanligi va Xoll effekti laboratoriya sharoitida tadqiq etishmoqda.

Differensial tenglamalar va matematik fizika ilmiy maktabi - 1940-1950 yillarda SamDU professori, O‘zFA a’zosi I.Kukles, akademiklar M.Yevgrafov va M.Lavrentevlar tomonidan asos solingan.Maktab vakillari tomonidan fizikaning klassik tenglamasi uchun Koshi masalasini yechishning yangi usuli ishlab chiqildi, bu usul elastiklik nazariyasida va yadro fizikasi eksperimentlarini tushuntirishda o‘z tadbig‘ini topdi. Panjaradagi ikki, uch va to‘rt darajali Shredinger operatorlarining spektral xossalari tadqiq qilinmoqda.

Algebra va sonlar nazariyasi ilmiy maktabi - professor N.Romanov va dotsent R.Iskandarovlar tomonidan 1940-1950 yillarda asos solingan bo‘lib, ilmiy maktab vakillari algebra va sonlar nazariyasi muammolari bilan shug‘ilanagan.

Botanika ilmiy maktabi - professorlar Ye.Proskoryakov, J.Qabulov, M.Ikramovlar tomonidan 1960 yillarda shakllantirilgan bo‘lib, maktab vakillari botanikaning nazariy va amaliy muammolari, yem-xashak, dorivor o‘simliklar yetishtirishning ba’zi muammolari hamda o‘simliklar fiziologiyasi yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib borishgan.

Zoologiya ilmiy maktabi - professorlar I.Turkevich, A.Sagitovlar tomonidan 1940 yillarda tashkil qilingan. Uning asosiy ilmiy-tadqiqotlari sohasi ornitologiya bo‘lib, hozirgi paytda maktab namoyondalarining izlanishlari O‘zbekistonning quruqlikda yashovchi umurtqali va umurtqasiz hayvonlar faunasi, ularning ayrim guruhlarining ekologiyasi va muhofazasi mavzusi hamda O‘zbekiston tereofaunasining shakllanishi va sut emizuvchilarning ekologiyasini o‘rganish mavzulariga qaratilgandir.

Organik va analitik ximiya maktabi - faoliyati dots. N.Zokirov, prof. Yu.Kurbatov tomonidan 1950-1960 yillarda yangi moddalarni sintez qilish va moddalar tarkibini analitik nazorat qilish usullarini ishlab chiqishdan boshlangan. 1987 yilda ushbu maktab vakillari professorlar T.Hamroqulov, A.Nasimov va dots. A.Abdurahmonovlar «Tabiiy xom-ashyolarni, ba’zi sanoat va oziq-ovqat chiqindilarini analitik nazorat qilish uslublarini ishlab chiqish» turkum tadqiqotlari uchun Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar.

Tabiiy geografiya va geoekologiya maktabi - 1960 yillarda shakllana boshlagan bo‘lib, uning rivojlanishida professorlar M.Umarov,  A.Abulqosimov, L.Alibekovlarning hissalari kattadir. Bugungi kunda mazkur ilmiy maktab vakillari Markaziy Osiyo va Zaravshon vohasining tabiiy geografiyasi, landshaftshunosligi, yo‘llanish muammolari va geoekologiyaga oid tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqdalar. Shuningdek, geografiya fakultetida Italiya va Belgiyalik olimlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv-ilmiy tadqiqot markazi - «Urbalayf» laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

B.ERGAShEV,

Sharof Rashidov nomidagi SamDU tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor.