Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Samarqand davlat universiteti kuni: tarix, ma’rifat va zamonaviy ilm uyg‘unligi

21 sentyabr – Samarqand davlat universiteti kuni. Bu sana universitet jamoasi uchun ilm-fan, ma’rifat va ko‘p asrlik ta’lim an’analariga ehtirom ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirlar Amir Temur maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlandi. Unda viloyat hokimligi vakillari, universitet jamoasi, nuroniylar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Temur va temuriylar, xususan, Mirzo Ulug‘bek xotirasi yod etilib, ularning haqqiga Qur’on tilovat qilindi.
Sana munosabati bilan universitetning Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida bayram dasturxoni yozilib, jamoa a’zolari va mehmonlar ishtirokida samimiy muloqot o‘tkazildi.
Shundan so‘ng Samarqand davlat universitetida ma’rifiy yuksalish bardavomligining ramzi sifatida Amir Temur saltanati bayrog‘i o‘rnatildi.

Tadbirda viloyat hokimi Aziz Boboyev ishtirok etib, ilm ahlini bayram bilan tabrikladi hamda universitet jamoasining so‘nggi yillarda erishayotgan yutuqlarini e’tirof etdi.
Bugun Samarqand davlat universitetida ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan 53 ta memorandum imzolandi. Universitet olimlarining 1000 dan ortiq ilmiy maqolasi Scopus va Web of Science bazalariga kiruvchi jurnallarda chop etildi. Shuningdek, 50 dan ortiq monografiya va 70 ga yaqin o‘quv qo‘llanma nashrdan chiqarildi.

2026–2027 o‘quv yilida universitetga 220 nafardan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchi taklif qilingan. Ayni paytda 300 dan ortiq xorijiy talaba tahsil olmoqda. 200 dan ortiq xorijiy talaba esa yozgi maktab loyihasida ishtirok etib, universitet hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Yangi o‘quv yilidan universitetda Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti institutga aylantirildi. Shuningdek, Telekommunikatsiya va injiniring fakulteti tashkil etildi. Ayni paytda Samarqand davlat universitetida 23 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Bayram tadbirida o‘qishda yuqori natijalarga erishayotgan, startap loyihalarda faol ishtirok etayotgan iqtidorli talabalar ham munosib rag‘batlantirildi.
Samarqand davlat universiteti kuni nafaqat universitet jamoasi uchun bayram, balki ilm-fan va ma’rifat an’analariga ehtirom, tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligini namoyon etuvchi muhim sana sifatida ahamiyatlidir.