Nur bor edi qalbida uning

Ahmadjon Muxtorov o‘z davrining taniqli ziyolisi edi. Biz uchun faxrlisi shundaki, u Samarqandning oddiy, lekin ziyoli xonadonida kamol topgan. Diplomni olgan kunidan to «Qishloq hayoti» gazetasiga muharrir bo‘lib tayinlanguniga qadar (1985 yil) «Zarafshon» («Lenin yo‘li»)da ishlagan. Bu yerda kasbimizga oid katta-kichik – barcha yumushlarni bajarib, zuvolasi pishgan. Bundan tashqari, mazkur dargohda bag‘rikeng, iqtidorli ijodkorlardan tahsil va ibrat olgan. Undagi ishtiyoq, zakovat Ahmadjon G‘ulomovichning aynan jurnalistika uchun tug‘ilganligini ko‘rsatib turardi.

Shu sababli ustoz o‘z davrining taniqli ziyolisiga aylandi. «Zarafshon» gazetasi u kishi rahbarligida respublikada nom qozondi. Faqat bugina emas, A.Muxtorov ijtimoiy muhitda ham nafaqat hamkasblarimizga, barcha ijodiy ziyolilarga chinakam ibrat, fidoyilik namunasi edi. Bu xislatlari respublika poytaxtida «Qishloq hayoti» va «Xalq so‘zi» gazetalarida bosh muharrir bo‘lib ishlash jarayonida ko‘zga yanada yaqqol tashlandi. Poytaxtda Ahmadjon aka chinakam siyosiy siymo sifatida e’tirof etildi. Mamlakat Oliy sovetiga deputat, respublika jurnalistlariga sardor etib saylandi.

Ustozning shogirdlaridan biri, faxriy radiojurnalist Rahimjon Sultonov ezgu ishga qo‘l urib, «Ma’naviyat» nashriyotida «Ahmadjon Muhtorov zamondoshlar xotirasida» kitobini chop etdi. Ushbu majmua ustoz tavalludining 90 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Tabiiyki, kitobdan ijtimoiy hayotda, siyosatda, jurnalistikada A.Muxtorov bilan birga ishlagan, u kishining mehridan, saboqlaridan bahramand bo‘lgan hamkasblarimizning xotiralari o‘rin olgan. Binobarin, bu yodnomalarning muayyan qismi gazetamizda ham chop etilgan edi.

Bu kitob bizga nafaqat bir fidoyi jurnalist hayoti haqida hikoya qiladi. Balki, uning ibratli hayoti hamkasblarimizni hamisha adolat, halollik, fidoyilik sari undab turishi, shubhasiz.