Kitob sayli juda kerak
Kitobxonlik targ‘ibotining yangicha ma’naviy-ma’rifiy uslubi – kitobxonlik festivalining Ishtixonda viloyat miqyosida o‘tkazilishi juda ajoyib ish bo‘ldi. Bu tadbir davlatimiz rahbarining kitobxonlikni ommalashtirish borasidagi takliflariga munosib javob ham. Anjumanning tuman markaziy istirohat bog‘ida, allaqachon ma’rifiy go‘shaga aylangan joyda o‘tkazilishi esa uning jozibadorligini ta’minladi.
Istirohat bog‘i o‘rtasiga kitobga haykalning o‘rnatilishi, ochiq kutubxonaning borligi, har bir tuman va shahardan kutubxonachilar barobarida faol kitobxonlar va ijodkorlarning kelishi, respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevaning tashrif buyurishi tadbir salohiyatini oshirdi.
Ertalab 9 dan boshlangan festival kechki konsert bilan yakunlandi. Bir kun davomida mutolaasevarlar o‘z kitoblarini, kitoblardagi asarlardan parchalarni namoyish qilish barobarida bir-birlari bilan muloqotda bo‘lishga ham ulgurdilar. Insholar tanlovi, «Zakovat» o‘yini g‘oliblari esa kitob o‘qish nechog‘lik obro‘ keltirishini isbotladilar.
Darvoqe, festivalda 80 yoshdan oshgan taniqli adiblar Ismat Sanayev (Paxtachi), Hayriddin Begmatov (Narpay), shuningdek, Shahriddin Umirov (Ishtixon), Orif To‘xtash (Toshkent) ishtirok etishi o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Bu – mening taassurotlarim, quvonchlarim va tashakkurlarim. Endi ana shu festival bahonasida kitobxonlikni kelgusida yanada ommalashtirish uchun o‘z takliflarim bilan o‘rtoqlashsam.
Avvalo, eslatib o‘tishim kerakki, oldingi davrda aynan kitob targ‘iboti yuzasidan davlat organlari zimmasiga mas’uliyat yuklatilgan va bu jabhada bir qator jamoat tashkilotlari faoliyat yuritgan, ko‘chma kutubxonalar bo‘lgan. Muhimi, odamlarda kitob o‘qishga ishtiyoq yaratilgan. Albatta, bugun biz boshqacha sharoitda yashayapmiz. Nimanidir tanqid qilish yoki o‘zimizni oqlashdan foyda yo‘q. Gap kitobxonlik targ‘ibotini inson ehtiyojiga mos ravishda shakllantirish ustida boryapti. Bunday holda shu sohadagi barcha tajribalardan oqilona foydalanmoq zarur.
Bugun festival va sayllar ko‘p: non sayli, qovun, pomidor, qovoq, uzum, mayiz, asal, qo‘yingki, noz-ne’matning barcha turiga sayllar uyushtiramiz. Kitobxonlikda ham ana shu tadbirlar tashkiliy jihatlarini qo‘llash kerak. Masalan, asal saylida bu mahsulot minglab usulda namoyish etiladi. Har bir idishda uning makoni, foydasi, egasi yoziladi va asalchi o‘z mahsulotining mohiyatini kelganlarga tushuntiradi. Olimlar, tadbirkorlar esa asaldan olinayotgan yangi mahsulotlarni namoyish qiladilar. Qizig‘i shundaki, har bir pavilonda bu noyob ne’matni tatib ko‘rishingiz mumkin.
Taklifim shuki, kitob saylida ham ana shu tartib bo‘lishi lozim. Uni har bir tumanda o‘tkazish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Negaki, viloyat festivalida tumanlar mutaxassislarining kelib ketishi, yuklarni tashish va boshqa tashvishlar ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Yo‘ldagi vaqt sarfi ham hisobga olinishi kerak. Sayl bemalol pavilonlarni aylanib, kitoblar bilan tanishish, mualliflar bilan suhbatlashish, biror asar asosidagi sahna ko‘rinishlarini tomosha qilish, choy yoki kofe ichib, 5-10 varaq kitob o‘qishga, o‘z taassurotlarini kim bilandir o‘rtoqlashishga imkon bersin.
Yana bir jihati, bunday tadbirni axborot-resurs, ma’naviyat-ma’rifat markazlari xodimlari zimmasiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Unda maktabning til va adabiyot fani o‘qituvchilari faol bo‘lishsin. Chunki yoshlardagina emas, kattalarda ham mutolaa malakasini shakllantirish ularning bevosita vazifasiga kiradi.
Har bir tumandagi tadbirga shu tumandan yetishib chiqqan va bugungi kunda boshqa yerda yashayotgan taniqli ijodkorlarni taklif etish uning qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi. Shu vaqt ichida yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazish mumkin. Bunday sayllar sahnaning bir joyida bo‘lgani ma’qul. Unda belgilangan muddatda sahna asarlari, ifodali o‘qish, shoirlar chiqishi bo‘lishi mumkin.
Kitob saylining joylarda o‘tishi uni tashkil etishda ham qulaylik tug‘diradi. Bir so‘z bilan aytganda, bizga har bir oilada, har bir jamoada kitob o‘qish odatini shakllantirishga imkon beradi.
Fursatdan foydalanib, yana bir mulohazamni aytib o‘tmoqchiman: hozirgi paytda yangi inshootlar ochilishida quruvchilarga qimmatbaho sovg‘alar beriladi, zar chopon kiygiziladi. Bu usuldan mutlaqo voz kechish payti keldi. Birinchidan, quruvchi inshootni o‘z puliga qurgan emas. Ikkinchidan, berilayotgan hadyalar ham uning ehtiyojiga to‘g‘ri kelmaydi. Shunday ekan, muayyan davr ichida chiroyli binolarni qurgan kasb sohiblarini ana shu kitob sayliga taklif etib, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida kitob jamlanmalari sovg‘a qilinsa yaxshi emasmi?! O‘zi o‘qimasa, farzandlari o‘qiydi.
Xulosa so‘zim shu: kitob sayli bizga juda ham kerak, faqat uni joylarda erkin, samimiy ishtiyoq bilan o‘tkazish choralarini ko‘raylik.
Farmon TOShEV.