Jazirama ob-havoda ishlash oson emas

Yozning jaziramasi boshlandi. Yuqori haroratli bu ob-havo sharoitida korxonalarda ishlayotgan xodimlar va ish beruvchilar tomonidan belgilangan tartibdagi mikroiqlim bo‘yicha sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilib ishlash talab etiladi. Xususan, korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, sexlar, bo‘limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlim Sanitariya qoidalari va me’yorlarining 0324-16 talablari asosida bo‘lishi lozim.

Yengil I kategoriyali ishlarda havo harorati 24-27 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/s.dan oshmasligi kerak. O‘rta og‘irlikdagi ishlarda esa havoning harorati 22-25 daraja,  havoning nisbiy namligi 40-60 foiz, havo harakati tezligi 0,3 m/s.dan oshmasligi kuzda tutilgan. Og‘ir, ya’ni III kategoriyali ishlarda havo harorati 21-23 darajada bo‘lishi, havoning nisbiy namligi 40-60 foizdan oshib ketmasligi zarur.

Mehnat kodeksining 25-, 276-, 352- va 359-moddalari hamda “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lishi shart. Bunday qulay ish sharoitlarini yaratib berish ish beruvchining majburiyati hisoblanadi.

Ish beruvchi havo harorati yuqori vaqtda binolarda miqroiqlim sharoitini yaxshilaydigan konditsioner, ventilyasiya, quruq havoni namlantirish uskunalari bilan ta’minlab, ishlashini nazorat qilishi talab etiladi. Agar buning iloji bo‘lmasa, xodimlarning ish qoidalarini o‘zgartirib, dam olish vaqtlarini ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ish vaqtining qisqartirilishi va xodimlarni bepul toza ichimlik suv bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi lozim.

Mehnat sharoitlari bo‘yicha issiqda ochiq maydonlarda bajariladigan ishlar Ia-III ish kategoriyasiga muvofiq, havo harorati 34,2-36 darajadan yuqori bo‘lganda inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. 0141-03-son Sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiq bu holatda ish vaqtini kunning salqin vaqtlariga ko‘chirish maqsadga muvofiq.

Agarda ishchilar qurilish maydonlarida va dalalarda ishlayotgan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan mavsumga mos bo‘lgan himoya vositalari ajratilib, ish rejimi o‘zgartirilishi kerak. Dam olish vaqtlarini uzaytirish, ishlash soatlarini o‘zgartirish yoki vaqtincha ishni to‘xtatish hamda ish vaqtining qisqartirilishi zarur. Shuningdek, xodimlar bepul toza ichimlik (mineral) suv bilan ta’minlansa, maqsadga muvofiq.

Ushbu davrda xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolinadi.

Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi. Agar ular tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib olingan holda amalga oshiriladi.

Mehnat kodeksining 21-, 22-, 355-moddalariga muvofiq, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi to‘g‘risida ish beruvchiga darhol xabar qilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirib borish va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi organlar ana shu holatlarni tasdiqlagan taqdirda ish beruvchi ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolishi bo‘yicha talablar belgilangan.

Havo harorati darajasi yuqori bo‘lganda ko‘proq soyada bo‘lish, yorqin rangli, yengil, tabiiy matolardan tikilgan kiyim kiyish 55 yoshdan yuqori bo‘lgan xodimlar uchun juda zarur. Bosh qiyim yoki soyabon bilan yurish tavsiya qilinadi.

Shuningdek, mutaxassislar jismoniy faoliyatni kamaytirish, avtomashinada bo‘lish vaqtini qisqartirish, ko‘proq suyuqlik ichish, soat 10:00-18:00 oralig‘ida ko‘chaga chiqmaslikka chaqirmoqda.

Shifokorlar esa yurak-qon tomirlari va buyrak kasalliklaridan aziyat chekayotgan xodimlarga ko‘p suyuqlik ichish mumkin emasligini tavsiya qilishmoqda. Ovqatni kichik miqdor, ulush (porsiya)lar bilan yeyish kerak. Go‘sht va tarkibida yog‘lari bo‘lgan mahsulotlarni kamaytirish zarur. O‘simlik mahsulotlari iste’molini ko‘paytirish tavsiya etiladi.

Agar sizda bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, holsizlanish, ko‘ngil aynishi, badan qaqshashi kabi belgilar kuzatilganda oftob urganiga gumonlanib shifokorga murojaat qilish lozim.

Orifjon MIZAMOV,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasining viloyat kengashi

yetakchi mutaxassisi.