AQSh va Eron o‘rtasida dastlabki tinchlik kelishuvi imzolandi
AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlashicha, AQSh hamda Eron o‘rtasida dastlabki tinchlik kelishuvi imzolandi.
60 kunlik o‘zaro anglashuv memorandumi barcha frontlarda, jumladan, Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatish, Tehronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va Eronni tiklash jamg‘armasini tashkil etishni nazarda tutadi.
“U imzolandi. Versalda imzolandi. Men hozirgina unga imzo chekdim”, - dedi Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Versal saroyidagi uchrashuvdan keyin. Shu bilan birga, u Eron o‘z majburiyatlarini bajarmasa, hujumlar qayta boshlanishi mumkinligini yana bir bor ta’kidladi.
Memorandumni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham imzoladi.
28 fevralda AQSh va Isroil boshlagan Eronga qarshi urush minglab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi. Qurbonlarning asosiy qismi Eron va Livanda qayd etilgan. Javob tariqasida Tehron Isroil va Fors ko‘rfazidagi AQSh ittifoqchilariga zarbalar berdi.
Mojaro Eronning Hurmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘yishi natijasida yirik energetik inqirozni keltirib chiqardi.
Chorshanba kuni AQSh ma’muriyati vakillari Evian shahrida o‘tayotgan “Katta yettilik” sammiti doirasida jurnalistlarga memorandumning 14 banddan iborat matnini taqdim etdi.
Hujjat aprel oyida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish tartibini yana 60 kunga uzaytiradi. Bu vaqt davomida tomonlar yakuniy tinchlik kelishuviga erishishga harakat qiladi.
Tramp va uning jamoasi hozircha bu faqat memorandum ekanini, uning shartlari Eronning xatti-harakatiga qarab bajarilishini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Tramp ikki oy ichida yakuniy kelishuvga erishilmasa, Eronga qarshi yangi bombardimonlar ehtimolini ham istisno qilmadi.
Memorandumning asosiy bandlari:
• Butun mintaqada harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish, jumladan Livanda ham;
• AQShning Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini 30 kun ichida bekor qilishi va yakuniy tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin 30 kun ichida amerikalik kuchlarni Eron chegaralaridan olib chiqishi;
• Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish va 60 kun davomida kemalarning bojsiz o‘tishiga ruxsat berish;
• Eronni tiklash va iqtisodiy rivojlantirish uchun kamida 300 milliard dollarlik jamg‘arma tashkil etish;
• Tehronga qarshi barcha sanksiyalarni bekor qilish;
• Eronning hech qachon yadroviy qurol yaratmasligi yoki qo‘lga kiritmasligi hamda boyitilgan uranni yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlik qilish.
AQSh vakillari memorandum Vashington uchun majburiy kuchga ega emasligini va uning ijrosi Eronning keyingi qadamlariga bog‘liq bo‘lishini yana bir bor ta’kidlagan.
Shuningdek, ular 300 milliard dollarlik jamg‘arma bo‘yicha AQShning to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy majburiyat olmayotganini, balki mintaqadagi hamkorlari bilan birgalikda Eronni tiklash va rivojlantirish rejasini ishlab chiqishni va’da qilganini ma’lum qildi.