Yana boshlandi: AQSh va Eron yana o‘zaro zarba bermoqda

Yaqin Sharqdagi vaziyat yana keskinlashmoqda. Isroil rahbariyatiga Bayrut janubidagi hududlarni keng ko‘lamda bombardimon qilishning oldini olish hamda Eron bilan bog‘liq mintaqaviy kelishuvlarni saqlab qolishga intilayotgan AQSh yana eskalatsiya markazida.

Kechasi AQSh Qurolli kuchlari Eronning ko‘plab ballistik raketalari va dronlarini yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, AQSh tomonidan yo‘qotishlar bo‘lmagan.

CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, Quvayt va Bahrayndagi harbiy bazalarga yo‘naltirilgan raketalar nishonga yetib bormagan yoki havo mudofaasi tizimlari tomonidan urib tushirilgan.
AQSh Eronning Hurmo‘z bo‘g‘ozidagi orollaridan biriga zarba berib, buni fuqarolik kemalariga, shuningdek Quvayt va Bahrayn hududlariga qarshi yo‘naltirilgan dronlar hamda ballistik raketalar hujumlariga javob chorasi deb atadi.

Shu tariqa, Vashington va Tehron o‘rtasida diplomatik aloqalar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, harbiy maydondagi qarama-qarshilik, qurolli to‘qnashuv yana avj olayotgani kuzatilmoqda.
Xususan, Livandagi keskinlashuv AQShning Eron bilan olib borayotgan muzokaralariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bir necha kun avval Eron Isroilning Livanga bergan zarbalarga norozilik sifatida AQSh bilan aloqalarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Biroq AQSh prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, Vashington bu haqda rasman xabardor qilinmagan.

Bundan darg‘azab Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali «jiddiy suhbatlardan biri»ni o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida Tramp jahl bilan Netanyaxuga tanbeh bergan.
Ayni paytda siyosiy muloqotlar davom etmoqda. Kecha AQSh vositachiligida Livan va Isroil delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar bosqichi yakunlandi. Tomonlar muloqotni bugun Vashingtonda, AQSh Davlat departamentida davom ettirishi kutilmoqda.