Pokiston AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatish rejasi haqida gapirmoqda

Bir kun oldin Tramp haqoratli shaklda Eronga murojaat qilib, Hormuz bo‘g‘ozini ochishni talab qildi va 7 aprel kuni infratuzilmaga zarba berish bilan tahdid qildi. «Bo‘g‘ozni ochinglar, ey, telba ahmoqlar, aks holda do‘zaxda yashaysizlar», deb yozdi AQSh prezidenti.

Eronning Zimbabvedagi elchixonasi Amerika prezidentining Eron infratuzilmasiga hujum qilish tahdidlariga Hormuz bo‘g‘ozi «kalitlari yo‘qolgani» haqida kinoya qildi. «Biz kalitlarni yo‘qotdik», deb javob berdi diplomatik vakolatxona X ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh va Eron ehtimoliy 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini mintaqaviy vositachilar ishtirokida muhokama qilmoqda, deb xabar bermoqda Axios manbalari. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, kelishuvga erishish ehtimoli past, ammo bu urushda jiddiy eskalatsiyaning oldini olish uchun so‘nggi urinish hisoblanadi.

Axios manbalarining aytishicha, AQSh va Isroilda Eronning energetika ob’yektlariga yirik zarbalar berish rejasi tayyor. Nashr taxminiga ko‘ra, bunga javoban Eron Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika ob’yektlariga hujum qilishi mumkin.

Muzokaralarda vositachi sifatida Pokiston, Misr va Turkiya ishtirok etmoqda.

Pokiston AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatish rejasini tayyorlagani haqida Reuters xabar berdi. Unga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi va zudlik bilan o‘t ochish to‘xtatilishi mumkin. Reja hatto bugun kuchga kirishi ehtimol qilinmoqda.

Reja ikki bosqichdan iborat: avval zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ng 15–20 kun ichida to‘liq kelishuvga erishish. Yakuniy kelishuv Eronning yadroviy quroldan voz kechishi evaziga sanksiyalar yumshatilishi va muzlatilgan aktivlar ochilishini o‘z ichiga oladi. Biroq Eron hali bu rejaga rozilik bermagan.