Ta’til bekor qilinadimi? Chiptalar qimmat, reyslar to‘xtatilmoqda

Eron atrofidagi mojaro sabab jahon aviatsiyasi inqirozga yuz tutdi: aviachiptalar narxi oshmoqda, aviakompaniyalar reyslarni qisqartirmoqda. Ba’zi yo‘nalishlar esa Hormuz bo‘g‘ozi orqali yonilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar va havo makonining yopilishi tufayli o‘zgarmoqda.

Yirik aviakompaniyalar — Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Finlyandiya, Turkiya va boshqa davlatlar reyslarni bekor qilish va qisqartirishlar haqida ogohlantirmoqda. Cheklovlar birinchi navbatda BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni, Isroil va Livan yo‘nalishlariga ta’sir qildi.

Ekspertlarning ogohlantirishicha, oqibatlar barcha xalqaro yo‘nalishlarga tarqalishi mumkin. Eng ko‘p zarar kam talabga ega reyslarga tegmoqda, mashhur yo‘nalishlarda esa aviakompaniyalar xarajatlarning oshishi, reyslarning kamayishi sabab narxlarni ko‘tarmoqda.

Inqiroz qisman O‘zbekistonga ham ta’sir qildi. Ayrim Yaqin Sharq davlatlariga reyslar vaqtincha bekor qilindi yoki o‘zgartirildi. Jumladan, BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni yo‘nalishlari, ba’zi yo‘nalishlar esa havfli hududlarni aylanib o‘tib, amalga oshirildi. Ayni paytda eng barqaror yo‘nalishlar: Turkiya, Rossiya, Markaziy Osiyo, o‘rtacha barqarorlik - BAA, Saudiya Arabistoni, Qatarda. Muammolar doimiy emas, balki vaqtincha bekor qilish yoki yo‘nalishlarni o‘zgartirish ko‘rinishida bo‘lishi aytilmoqda.

Shunga qaramay, sayohat mavsumi avjida. Sayohatchilar bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishi kerak? Bu haqida mutaxassislar quyidagicha takliflar berishmoqda:
• Sayohatni oldindan bron qilish. Chunki narxlar oshishda davom etmoqda;
• Ta’tilni yoz oxiriga yoki keyinroqqa ko‘chirish;
• Chipta narxi xariddan keyin ham o‘zgarishi mumkinligini hisobga olish;
• Bagaj va qo‘shimcha xizmatlardan voz kechish;
• Mavsumdan tashqari yo‘nalishlarni tanlash;
• Noma’lum qo‘shimcha xarajatlar va reys o‘zgarishlariga tayyor bo‘lish.

Hukumatlar va aviatsiya tashkilotlari tomonidan choralar ko‘rilayotganiga qaramay, bozor hali ham beqaror qolmoqda. Ekspertlar tarmoq to‘liq tiklanishi uchun vaqt kerak deb hisoblashadi. Geosiyosiy vaziyat barqarorlashmasa, bu 2027 yilgacha cho‘zilishi mumkin.