O‘zLiDeP tashabbusi bilan aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi muammolarini o‘rganish, ularning hayot sifatini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar izchil amalga oshirilmoqda.

Xususan, mazkur dastur doirasida tashkil etilayotgan “Salomatlik sari” va “Umid” aksiyalari aholi salomatligini mustahkamlashda, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, O‘zLiDeP Oqdaryo tumanidagi Uzun mahallasida joylashgan 19-sonli oilaviy poliklinikada deputat Nargiza Abdullayeva boshchiligida Samarqand davlat tibbiyot universitetining malakali mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda tumanning Uzun, Uchtepa, Oltintepa, Zarafshon, Temirak, Bobur va Avazali nomli mahallalar aholisi qamrab olindi.

Tibbiy ko‘rik davomida terapevt, onkolog, xirurg, oftalmolog, akusher-ginekolog, urolog, kardiolog, pediatr va boshqa 15 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan 300 nafardan ziyod fuqaro tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada 28 nafar bemor markaziy shifoxonaga yo‘llanma oldi, 8 nafar fuqaroga viloyat shifoxonasiga imtiyozli yo‘llanma berildi, 156 nafar ishtirokchiga esa ambulator davolanish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.

Tadbirda O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati I.Botirov mazkur loyiha aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom millat genofondini asrashga qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, mahallalarda to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishning ahamiyatini tushuntirish, reproduktiv salomatlik, shaxsiy gigiyena, sog‘lom homiladorlik va bola parvarishi bo‘yicha tibbiy savodxonlikni oshirish loyihaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

“Xalq bilan birga” dasturi doirasidagi “Umid” aksiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida “Loyish” mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan ham xabar olindi. Xususan, mahallada yashovchi II guruh nogironi, ikki nafar farzandning onasi Asal Tuymayeva xonadoniga tashrif buyurilib, unga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

2025 yilda insultni boshdan kechirgan Asal Tuymayeva hozirda harakatlanishi cheklangan ahvolda. Shu bois uning murojaat va ehtiyojlari o‘rganilib, nazoratga olindi hamda davolanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Tibbiy ko‘rikda ishtirok etgan fuqarolar bunday tashabbuslardan mamnun ekanliklarini bildirib, ayniqsa chekka hududlarda yashovchi aholi uchun bu katta qulaylik ekanini ta’kidlashdi.

— Bugun tashkil etilgan tibbiy ko‘rikdan juda mamnun bo‘ldim. Malakali shifokorlar tomonidan sog‘lig‘imiz to‘liq tekshirildi, zarur tavsiyalar berildi. Ilgari e’tibor bermagan ayrim holatlarimga ham aniqlik kiritildi, — deydi Oltintepa mahallasidan Gulnora Toshtemirova.

Eng muhimi, bunday ezgu tashabbuslar orqali aholi salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish borasida muhim natijalarga erishilmoqda. “Xalq bilan birga” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir yorqin ifodasidir.

O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi matbuot xizmati.