Sud — hukm chiqaradi, advokat — himoya qiladi

Samarqand shahrida viloyatda faoliyat yuritayotgan sudyalar va advokatlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuv sud-huquq tizimidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda hal etish va fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda viloyat sudi raisi Dilshod Rajabov, Advokatlar palatasi viloyat hududiy bo‘limi rahbari Tohir Qodirov, sudlov hay’ati raislari, sudyalar, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan ko‘plab advokatlar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Dilshod Rajabov bunday ochiq muloqotlar sud va advokatura o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda odil sudlov samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, Tohir Qodirov hamda viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev ishtirokchilarni muloqotda faol ishtirok etishga, mavjud muammolarni ochiq bayon qilishga va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar kiritishga chaqirdi.

Muloqot interfaol shaklda, ochiq va samimiy muhitda o‘tdi. Advokatlar navbati bilan so‘zga chiqib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar, sud amaliyotida uchrayotgan ayrim muammolar, protsessual masalalardagi tushunmovchiliklar haqida fikr bildirdilar. Ayniqsa, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jarayonida uchrayotgan to‘siqlar, sud qarorlarining ijrosini ta’minlash, protsessual muddatlar va sud-advokat hamkorligiga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida bildirilgan har bir fikr va taklif e’tibor bilan tinglanib, ularga aniq va asosli munosabat bildirildi. Sudlov hay’ati raislari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirishlar berib, amaliyotdagi ayrim masalalarga huquqiy izohlar taqdim etdi. Ko‘plab muammolar yuzasidan joyida yechimlar ishlab chiqildi, ayrim masalalar esa qo‘shimcha o‘rganish va tahlil qilish uchun nazoratga olindi.