Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi inqiroz: dunyo neft bozoriga tahdid
Shu kunlarda dunyodagi eng muhim neft savdo yo‘llaridan biri Hormuz bo‘g‘ozida kema harakati deyarli to‘xtab qoldi. Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘laydigan bu tor dengiz yo‘lida yuzlab savdo kemalari o‘tish imkonini kutib turibdi. Eron rasman to‘liq blokada e’lon qilmagan bo‘lsa-da, amalda kemalar bo‘g‘ozdan o‘ta olmayapti.
Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh va uning ittifoqchilariga tegishli kemalarga hujum qilinishi mumkinligini bildirgan. Shu sababli vaziyat xalqaro savdo va neft bozori uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bo‘g‘ozdagi vaziyat
Hormuz bo‘g‘ozidagi keskinlik fevral oxirida, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin kuchaydi. Eron harbiylari bo‘g‘ozni nazoratga olganini ma’lum qildi va ayrim davlatlarga tegishli kemalarga harakatlanish taqiqlanishini bildirdi. Shu bilan birga, Eron rasmiylari ayrim do‘st davlatlar kemalariga o‘tishga ruxsat berilishi mumkinligini aytdi. Ammo voqealar rivoji tufayli ko‘plab kemalar yo‘lga chiqishga jur’at qilmayapti.

Kemalarga hujumlar
So‘nggi kunlarda bir nechta neft tankerlari hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim kemalar raketa zarbalari oqibatida shikastlangan, ba’zi hollarda yaralanganlar ham bo‘lgan. Bu hodisalar savdo kemalarining xavfsizligiga jiddiy savollar tug‘dirdi va ko‘plab kompaniyalar bu yo‘nalishdan vaqtincha voz kechdi.

Xalqaro reaksiya
AQSh prezidenti Donald Tramp agar zarur bo‘lsa, Amerika floti neft tankerlarini bo‘g‘oz orqali kuzatib o‘tishga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga, bir qator xalqaro sug‘urta kompaniyalari Fors ko‘rfaziga kirayotgan kemalarni sug‘urta qilishni to‘xtatganini xabar qildi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi mintaqadagi vaziyatni nazorat qilayotganini bildirdi. Yevropa davlatlari ham tashvishlanib, dengizda xavfsizlikni ta’minlash uchun xalqaro koalitsiya tuzish g‘oyasini muhokama qilmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Yaqin Sharqda dengiz xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus «dengiz koalitsiyasi» tuzishni taklif qildi.

Blokadaning iqtisodiy oqibatlari
Mutaxassislarning fikricha, hatto qisqa muddatli blokada ham neft narxlarining keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Chunki Hormuz bo‘g‘ozi orqali har kuni o‘nlab million barrel neft va neft mahsulotlari tashiladi.
Agar bo‘g‘ozdagi harakat uzoq vaqt cheklansa, bu nafaqat neft bozoriga, balki butun dunyo savdosi va energetika bozoriga ta’sir qiladi. Ayniqsa, neft importiga katta darajada bog‘liq bo‘lgan Osiyo davlatlari bu vaziyatdan jiddiy zarar ko‘radi.
Nega Hormuz bo‘g‘ozi muhim?
Hormuz bo‘g‘ozi dunyodagi eng strategik dengiz yo‘llaridan biri. U Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘laydi. Bu yo‘l orqali Saudiya Arabistoni, Iroq, Eron, Quvayt, Qatar va Birlashgan Arab amirliklaridan neft eksport qilinadi.
Mutaxassislar hisobicha, dunyodagi neft va suyuq uglevodorodlar savdosining qariyb 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Shuning uchun uning yopilishi yoki harakat cheklanishi global iqtisodiyot uchun katta xavf hisoblanadi.
Neft inqirozi ortidan Rossiyaga milliardlar
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli neft narxlarining oshishi ayrim eksportchi davlatlar, jumladan, Rossiya uchun qo‘shimcha daromad keltira boshlagan. Financial Times yozishicha, jahon bozorida neft narxining o‘sishi Moskvaga kuniga 150 million dollargacha daromad keltirmoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi amalda yopilgach, Hindiston va Xitoy tomonidan Rossiya neftiga talab oshgan. Nashrga ko‘ra, Rossiya byudjeti neft eksportidan 1,3–1,9 milliard dollar qo‘shimcha soliq tushumlarini allaqachon olgan.
G.Xoldorova tayyorladi.