Deputat maktab bitiruvchilari, ota-onalar bilan uchrashdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Toshevning Nuroboddagi chekka qishloq - Ag‘ronda joylashgan 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari va ularning ota-onalari bilan uchrashuvi samimiy muloqotga aylandi.
Mehmon ona tili va adabiyot fanlaridan davlat imtihoni topshirayotgan yigit-qizlarga bilim olishga ishtiyoq va intilishning o‘z hayotida bergan samarasi haqida so‘zlab berdi. Bitiruvchilarga jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishi, yetuk mutaxassis sifatida kamolga yetishida omad tiladi. Muloqot davomida faol o‘quvchilarga, maktab kutubxonasiga kitoblaridan hadya qildi.
Ota-onalar, qishloq faollari bilan muloqotda esa adib va jurnalist davlat siyosatining bugungi mohiyati xususida so‘z yuritdi. Mahallaga, har bir oilaga ko‘rsatilayotgan e’tibor, chekka qishloqlarda ham amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar ahamiyatini tushuntirdi, to‘planganlar savollariga javob qaytardi.
Faxriy o‘qituvchilar Tolmas Suyunov, Mehriddin Odilov, maktab direktori To‘xtamurod Qoraboyev, o‘qituvchi Eshquvvat Eshnayev mustaqillik yillari mahalla infratuzilmasini yaxshilash, maktabning o‘quv va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib berdi.
- Viloyatning eng chekka hududida yashayotganimiz uchunmi, rahbarlarning qishlog‘imizga kelishi kamdan-kam kuzatiladi, - deydi faxriy o‘qituvchi Haqnazar Elmirzayev. – Bugun deputat, adib, viloyatning bosh gazetasi muharririning qishlog‘imiz maktabiga kelib, yoshlar, ota-onalar, faollar bilan uchrashuv o‘tkazgani ko‘nglimizni ko‘tardi. Qolaversa, o‘qimishlilik, mutolaa va ilm egallashning ahamiyati, qadr-qimmati, jamiyat taraqqiyotida oilaning o‘rni xususida faktlar, misollar asosida aytgan gaplari nafaqat yoshlar, balki biz, keksalarda ham katta taassurot uyg‘otdi.
Eskilarimiz “Ilmliga ergashsang, kam bo‘lmaysan”, deyishardi. Deputatning gaplarini tinglab, ilm-ma’rifatning inson hayotidagi o‘rni, kitob o‘qishning fikrlashni kengaytirishi, mustaqil va to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rgatishiga yana bir bor amin bo‘ldik.