AQSh va Isroil Oyatulloh Xomanaiyning joylashuvini qanday aniqladi?

Ma’lum qilinishicha, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lgan hujum odatdagidek tun emas, balki tongda amalga oshirilgan. Bunga AQSh va Isroil tomonidan hujumdan bir necha soat oldin qo‘lga kiritilgan muhim razvedka ma’lumotlari sabab bo‘lgan.

Ikki davlat bir necha oy davomida yuqori lavozimli eronlik amaldorlar bir joyga to‘planishi mumkin bo‘lgan paytni kutgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiy shanba kuni ertalab Tehron markazidagi binolar majmuasida bo‘lishi aniqlangan. Shu vaqtda u yerda boshqa yuqori lavozimli harbiylar va razvedka vakillari ham yig‘ilish o‘tkazayotgani ma’lum bo‘lgan.

Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Xomanaiy zamonaviy kuzatuv tizimlaridan qochib qutula olmaganini aytdi. Uning joylashuvi agent orqali yoki boshqa amaldorlarning harakatlarini yuqori texnologiyalar yordamida kuzatish orqali aniqlangan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yil iyundagi 12 kunlik urush davomida ham Isroil Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq shaxslarni nishonga olgan va telekommunikatsiya hamda mobil aloqalarni buzish orqali ayrim shaxslarning harakatlarini kuzatgani xabar qilingan. Bu usullar vaqt o‘tishi bilan rahbarning kundalik harakatlari bo‘yicha ma’lum «namunalar»ni shakllantirishga imkon bergan.

The New York Times yozishicha, bu safar razvedka ma’lumotlari «SRU» tomonidan taqdim etilgan. Ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbani Isroil amalga oshirgan. Ma’lumotlar oliy rahbar va boshqa amaldorlarning harakatlari haqida oldindan ogohlantirgani uchun uzoq masofaga raketa uchira oladigan qiruvchi samolyotlar jalb etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 9:40 da majmuaga 30 ta kuchli bomba tashlangan. Hujum paytida Mar-a-Lago qarorgohida tun bo‘lib, u yerda Tramp va rasmiylar vaziyatni kuzatib turgan.

Eron rasmiylari uch nafar yuqori lavozimli amaldor, jumladan mudofaa vazirligi vakillari halok bo‘lganini tasdiqladi.

Taajjublanarlisi, AQSh prezidenti Donald Tramp davom etayotgan diplomatik muzokaralar yakunlanmasidan turib harbiy amaliyotni boshladi. Tanqidchilar bu qadam vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligini aytmoqda. AQSh va Eron o‘rtasidagi so‘nggi muzokaralar 2026 yil fevral oyi boshida Ummon poytaxti Masqatda bo‘lgan. Keyingi uchrashuv oy oxirida Jenevada davom etgan.