Mutolaa: Xiyonat. (Hikoya)
Muslim bir vaqtlar Ruhobodning sevimli adibi edi. Keyin kutilmaganda ... qamaldi...
Ortiqcha gap-so‘zni yoqtirmaydigan qishloq ahli so‘rab-surishtirmadi. Odam soyasidan qo‘rqadigan zamonda o‘zini eplab yashasa bo‘ldi - birovning dardini kovlab nima qiladi? Muslimni butkul unutishdi, kitobini o‘qigan bolalar esa ulg‘aydi.
201... yilning zimiston tongida u ozodlikka chiqib, uyga kelganidan beri ko‘chaga chiqmay qo‘ydi. Ochig‘i, ularga nimani aytadi: xoinlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lgani, yoshligida aqlini, kuchini ko‘rsatish o‘rniga, palid kimsalarning oyog‘i ostida uymalashib yotganinimi?
Bir kuni u shasht bilan o‘rnidan turdi. Endi egilmaydi, sabr-bardoshli bo‘ladi va qalblarni zabt etadi. O‘shanda malaksiymo Ma’suma yig‘lab yuboradi, shunday yig‘laydiki tog‘lar titraydi, daryolar ko‘pirib oqadi. Bir vaqtlar o‘lmas tog‘larga Ma’suma bilan ko‘tarilib, olamga hayrat-la boqqancha: “Yashasin hayot, yashasin muhabbat!”, deya hayqirgan edi. O‘sha dam ichki tuyg‘ulari jo‘sh urgan, qo‘llari osmonni quchishga tayyor edi. “Mangu olov” romani taqdimotidan so‘ng, muxlislari oshgan, xalq adiblari ham unga hasad ko‘zi bilan boqishar edi. Ammo shon-shavkati so‘nishini, obro‘, imij ham umrdek vaqtinchalik ekanligini ichdan sezardi. Mayli, ikki-uch yil bo‘lsa ham davru davronini sursin, keyin “Xudo poshsho” deydilar.
O‘shanda taqdimot marosimi “Orom” mehmonxonasining qizil zalida bo‘lib o‘tgan edi. Shoirlar, adiblar, qo‘shiqchilar taklif etilgan zalga ellik chog‘li odam yig‘ildi. Mashhur hofiz do‘sti “Birinchi muhabbatim” qo‘shig‘ini kuylaganda, zal qarsakka to‘ldi.
Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Ziyofat juda quyuq va mazmunli tashkil qilingan edi. Muslim eski xumori tutib, bir sarguzashtni boshlamaganida, bari silliq kechayotgan edi. Yaxshi esida: kimdir hofizga pulni uzatib, qo‘shiqni takrorlashini so‘radi. Bundan jahli chiqqan adib:
- O‘rtoqlar, ko‘zlaringizni oching! O‘ldim-kuydim, sevdim-sevildim zamoni allaqachon o‘tib ketdi. Hozir qo‘lingdan kelsa, uch-to‘rttasi bilan yashashni epla, vassalom, - baland ovozda hayqirdi u.
Hamma shu yoqqa qaradi. Shivir-shivir, tiyiqsiz gaplar tinmadi. Endi “Mangu olov” romani yutug‘i qolib ketib, Musurmonovni g‘iybat qilish boshlandi. Sochi jingalak estrada xonandasi romantik xayollarga berilgan holda, hazillashgisi keldi:
- Gapingiz isboti bilan bo‘lsin! Mayli, akaxonning so‘zlari uchun qadah ko‘taraylik.
Musurmonovning chapdastligi, abjirligini ijodkor ahli yaxshi bilar, ammo xonanda bundan bexabar edi.
- To‘xtang, ichmay turing, - dedi Muslim o‘rnidan turib. – Bir daqiqa tanaffus e’lon qilamiz.
Adib shasht bilan zalda qadam tashlab, taniqli xonandaning qoshiga bordi va yonginasida tovusdek tovlanib turgan raqqosani qo‘lidan ushlab o‘ziga tortdi.
- Shu qizga jonu jahonimni, qalbimni bag‘ishlayman!
Raqqosa juda go‘zal, kelishgan, kiyikdek hurkak edi. Sarosimada u muvozanatini yo‘qotib, o‘zini adibning pinjiga urdi.
Zal qarsakbozlikdan larzaga keldi. Muslim raqqosani qo‘lidan sudrab, stolning to‘riga qarab yurdi. Bu o‘sha Ma’suma edi. Tadbirdan keyin ular mashinaga birga o‘tirishdi. Shu-shu, o‘rtoqlariga “mening ilhom parim” deb tanishtiradigan qizdan hech ajralmadi.
Boylar hayoti haqida pamflet asarlar yozib yuradigan jonajon do‘sti Malikshohning so‘zlarini ham u shu damda esladi:
- Sen buyuk iste’dod sohibi, lekin qizlarga o‘chliging boshingga balolarni yog‘diradi.
- Qiz bola balo emas, jon, ruh, jannatmonand joy degani. So‘zlarimni yoddan chiqarma!
- Do‘st achitib gapiradi...
Oradan bir yil o‘tib, Muslimning romani chet ellarga tarjima qilindi, hatto qardosh do‘stlari Turkiyada taqdimot marosimini o‘tkazib berishdi. Xotini va o‘g‘li yonidan chipta olib, birga borishni rejalashtirdi.
- Dadasi, sizning baxtli kuningizda yoningizda bo‘lishim lozim, -dedi xotini choy ustida.
- O‘sha tadbirda qatnashish shaxsan menga sharaf bag‘ishlaydi, - qo‘shildi o‘g‘li ham.
Muslimning qulog‘iga bu gaplar kirmadi, fikri-yodi Ma’sumaning qaddi qomati-yu, inja qiliqlarida edi. “Hayotda bir kun umring qolsa ham aysh qilgil, yarim soat vaqting bo‘lsa ham hargiz rad etmagil”, degan shior unga xush yoqardi.
Xorij safaridan qaytgach, uni Yoshlar shaharchasida uchrashuvlar, intervyular kutib turardi. Mashhur romanda qullikdan qutulish, ozodlik yo‘lida kurashishni bayroq qilgan bosmachilarning achchiq qismati tasvirlangan edi. Bir shoira talaba dabdurustdan Musurmonovga murojaat etdi:
- Ustoz, ayting-chi, istiqlolimiz uchun kurashgan bosmachilarning ishini to‘liq oqlaysizmi?
Bu anchayin nozik masala edi. O‘ylab javob bermasa, gap chuvalashib, yuqori eshelonga borib yetardi. Ammo Muslim anoyilardan emas, gapini topib va bilib gapiradi.
- Singlim, bosmachilar mard, jasur kishilar bo‘lgan. Men ularning dushmanni yurtimizdan haydab chiqarishi g‘oyasini ham, xalqni zulukdek talab yotgan mahalliy boylarning molini tortib olganini ham oqlayman.
O‘sha davrada Malikshoh bor edi. Do‘stining so‘zlaridan keyin o‘rtadagi sovuqchilikni yumshatish ilinjida u minbarga chiqib, shunday dedi:
- Musurmonov qatag‘onga uchragan boylar va bosmachilar haqida so‘zlab berdi, bugungi boylar boshqa masala. Umuman, qiziqarli yozilgan bu romanni o‘qishni maslahat beraman. Adib tariximizning bitilmagan sahifalarini tiklashga uringan...
Malikshoh joyiga o‘tirayotib, Muslimning qulog‘iga: ”Bitta aybing bor desam, boshqa ayblaring ham ko‘p ekan”, deb shipshidi.
Uch kundan so‘ng, M.Musurmonovni tegishli idoraga chaqirishdi. U mard, o‘ktam yigit bo‘lib, o‘ziga qattiq ishonar, tanishlari ham bisyor edi. Yuqoridagi akaxonning qo‘ng‘irog‘i tufayli balo-qazodan oson qutuldi. Do‘stining qistoviga ko‘ra, keyinchalik “mashhurlik kasali”ni yig‘ishtirib qo‘yib, yana ijodxonasiga berkinib oldi. Uch oy ichida sevishganlar hayotidan olingan qissasini va beshta hikoyani yozib tugalladi. Ammo, bu bitganlari oldingidek ovoza bo‘lmadi.
Kutilmaganda Muslimni yana idoraga “sudrashdi”. Savol-javoblar bir oycha davom etdi. Adabiy muxlislari va do‘stlarining sabri-toqati tugayozdi. Muslimning rejalari ulug‘, yozmishlari dovrug‘li bo‘lishini hamma bilardi. Shunday qilib, uni mahkamaga tortishdi. Sudda adibning oila a’zolari va yaqinlari ham ishtirok etdi. Ammo “Orom”da uchrashgan qiz Ma’sumaxon negadir ko‘rinmadi.
...Muslim aka o‘sha qora kunlarni, Malikshohning nasihatlarini qaytadan yodga oldi. Hayot o‘tkinchi, u abadiy emas ekan. Oilaparvarlik inson bezagi, xiyonat illat ekanligini qalban tushundi. Endi xiyonatkor Ma’sumani hech qachon ko‘rmaydi, u Muslimni asarlari orqali uqib, o‘zining gunohlarini his etadi.
Malikshoh yaqinda do‘stiga katta sirni ochdi: adibning ma’shuqasi “o‘sha” idoraning xodimi emish. U bo‘lib o‘tgan voqealarni hikoya qilar ekan, Muslim "dod" deb bo‘kirdi. Eh, kech tushundi, qo‘ynida ilonni asrab yurgan ekan-ku. Ammo bu yumshoq ilon ne-ne aqlli zotlarni tiz cho‘ktirganini bilarmikan?!
U hayotning beayov sinovlari, sirli-sinoatli “o‘yin”laridan charchagan edi. Yostiqqa boshini qo‘yar ekan, shoirning she’rini ohista pichirladi:
Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Baxtiyor OMON,
2020 yil 30 may.