O‘zgaryapmiz, birodar, o‘zgaryapmiz

Taksiga minsam, ziyolinamo kishi jamiyat haqida o‘z fikrini bildirayotgan ekan. Nima uchundir uning ishonchsizligi, nolishlari, iddaolari menga ma’qul tushmadi. Uning aytishicha, shuncha imkoniyat bo‘la turib, odamlarimiz hayotga nisbatan nuqtai nazarni o‘zgartirmayapti.

- Mana, qarang, anavi ayol birinchi sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lini yo‘lning taqiqlangan qismidan olib o‘tyapti, - dedi u. – Aytingchi, to‘rt yil ana shunday taqlidda onasi bilan maktabga kelgan va maktabdan qaytgan bolaga yo‘l tartib-qoidasini tushuntirib bo‘ladimi? Mana bu mashina egasining harakatiga qarang, bolasini bog‘cha darvozasigacha mashinada keltirib, boshqalarga xalaqit beryapti. Axir 20 qadam joyga piyoda yetaklab borsa bo‘ladi-ku!

Bu holatda yo‘lovchining fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Ibrat o‘rniga bola tarbiyasini buzayotgan ota-onalar yo‘q emas. Lekin… Men hamrohimga e’tiroz bildirdim.

- Yo‘q, birodar, o‘zgaryapmiz, o‘zgarganda ham yaxshi tomonga va tez o‘zgaryapmiz. Ko‘z oldimizda ro‘y bergan hamma voqelikni tipik deb o‘ylamang. Boyagi ayolga yoki mashina egasiga tanbeh beradigan muallim yoki boshqa kishilar ham topilyapti.

Garchi u kinoyanamo qarab tursa-da, so‘zimni davom etdim.

- Mana, qarang, bugun tekinga uy so‘raydiganlar jim bo‘b qoldi, aksincha, ikki sotix yerdan millioner bo‘lganlar ko‘paydi. Muhimi, shaxsiy mulkimizga daxl qilishga hech kimning haddi sig‘mayapti. Kechagina qo‘lida pora ushlab, institutma-institut yurgan odamlar bugun farzandining bilimli bo‘lishini istab qoldi, shunga harakat qilyapti ham.

Ikki yildan buyon kuz paytida xazonlar yoqilmayapti. Eh-he, jazolashsa ham xazondan gulxan yoqqanlar yo‘q emas edi. Odamlar tutun, bu – ishni yengillatadigan emas, balki sog‘lig‘imizning dushmani ekanligini tushunib yetdi. Hamma hovlisiga, uyining oldiga mevali va manzarali daraxt ekishni o‘rgandi. Bu o‘zgarish emasmi?!

Yaqinda horijda samolyot kutib o‘tirganimizda navbatchi reysni e’lon qildi. Sheriklarim – o‘zbekistonliklar negadir xotirjam o‘tirishibdi. «Yuringlar, samolyotga chiqamiz», dedim men. «Birodar, shoshilmang. O‘rnimiz aniq, navbati bilan boramiz, tag‘in o‘zbekistonliklar navbatda turishni ham bilishmaydi, deyishmasin». Demak, jamoat joyda o‘zimizni qanday tutishni ham bilyapmiz.

Jamiyatda hamma bir xilda yaxshi yoki bir xilda yomon bo‘lmaydi. Fidoyi, oqil odamlar elni o‘z ortidan ergashtiradi. Shuning uchun biz ziyolilarning ana shu qatlamiga qarab baho bermog‘imiz darkor. Ularning aksariyati bugun jon jahdi bilan to‘y va ma’rakalarni ixchamlashtirishga kirishgani rost, boshqalar namuna olyapti.

Bugun diplom olgandan keyin davlat ishini emas, xususiy tadbirkorlikni tanlaydigan yoshlarimiz ko‘paydi. Ular talabaligidayoq jamiyatga foyda keltirishyapti. Bugun yigit-qizlar o‘z ishtiyoqi bilan mamlakat va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda ishtirok etib, zafar quchyapti. E’tibor qilyapsizmi, erta tongdan odamlar atrofidagi bog‘larda, yo‘llarda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanyapti, ayollarimiz sport to‘garaklariga boryapti, sportchilarimiz esa dunyo sahnasiga chiqyapti. Bular o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu millatning o‘zgarishi emasmi?!

To‘g‘ri, hayot borki, uning muammosi yetarli. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizga havas bilan kelayotgan xorijlik ishbilarmonlar ham o‘z xalqining ibratli taomillarini olib kirishyapti. Bu jarayon ham jamiyatimizga yangicha ruh beryapti. Faqat ana shunday imkoniyatlardan o‘z vaqtida foydalanmog‘imiz lozim.

Tarixiy tajribalar shuni ko‘rsatyaptiki, jamiyat rivojida shu davlat ichida istiqomat qiluvchi aholining nuqtai nazari, saviyasi juda katta rol o‘ynaydi. Xalqimizda «O‘zing uchun o‘l, yetim», degan naql bor. Bu bejiz emas. Garchi biz xorij sarmoyadorlari bilan ishlayotgan bo‘lsak-da, yangi hayotimizni o‘zimiz quryapmiz, o‘z mehnatimiz, aql-idrokimiz bilan quryapmiz. Demak, biz o‘zgaryapmiz. Demak, biz hali ko‘p o‘zgaramiz. Ilohim shunday bo‘lsin!

O‘zimiz o‘zgarmasak, o‘zimiz fidoyi bo‘lmasak, dunyo biz uchun o‘zgarib qolmaydi.

Farmon TOShEV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.