Test sinovlari o‘tgan yilgidan nimasi bilan farq qiladi?
Hukumatning 2025 yil 13 sentyabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. Oliy ta’lim muassasalariga qabulda fanlar majmuasida chet tili mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi.
Shuningdek, B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi. Ushbu tartib joriy o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi va fanlar majmuasida birinchi yoki ikkinchi belgilangan bo‘lishidan qat’i nazar, barcha chet tillaridan olingan sertifikatlarga joriy etiladi.
Asosiy va majburiy fanlardan sertifikati bor abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etmaydimi?
Barcha fanlardan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar birinchi bosqichda my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar. Ular imtihon topshirmaydilar va test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi, xolos. Ma’lumot o‘rnida shuni aytishim mumkin, o‘tgan yili viloyatimizda barcha fanlardan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 69 nafarga yetgandi.
Samarqandda kirish imtihonlari qayerlarda bo‘ladi?
Samarqanddagi kirish imtihonlari yettita binoda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Jumladan, viloyatimizda bir smenada jami 4110 o‘rin joy tayyorlanmoqda.
Ular quyidagilar:
- Bilim va malakalarni baholash agentligining Samarqand viloyati binosi (1200 o‘rin);
- Samarqand davlat universiteti qoshidagi akademik litsey sport zali (480 o‘rin);
- Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (basketbol) zali (600 o‘rin;
- Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (qo‘l to‘pi) zali (360 o‘rin);
- Samarqand davlat pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti sport zali (960 o‘rin);
- Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (badminton) zali (300 o‘rin);
- Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (gimnastika) zali (210 o‘rin).
Abituriyentlar uchun test imtihonlari bo‘ladigan binolarda salqinlatish uchun konditsionerlar, 0,5 hajmdagi ichimlik suvlari va ko‘k sharikli ruchka bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ota-onalar uchun har bir binoda kutish zallari tashkil qilinadi va unda abituriyentlarni onlayn kuzatib borish uchun katta ekranlar o‘rnatiladi. Bundan tashqari, istovchilar test jarayonlarini test.2026.uz sayti orqali kuzatib borishlari mumkin.
Fuqarolarimiz xorijda yashab ham O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirsa bo‘ladimi?
- O‘zbekiston fuqarolari xorijda yashab ham hujjat topshirsa bo‘ladi. Ammo test sinovlari oflayn shaklda o‘tkazilganligi uchun o‘ziga qulay viloyatni tanlab, O‘zbekistonga kelib test topshirishlari mumkin. Bunda oliy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayoni Agentlikning my.uzbmb.uz sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Vohid SIRLIBOYeV,
Bilim va malakalarni baholash agentligining Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i.