500 nafardan ziyod yurtdoshimiz beg‘araz qon topshirdi

Har kuni dunyo bo‘yicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, og‘ir kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli tan jarohati olgan bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi.

Viloyat qon quyish markazida Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari, tibbiyot muassasalari xodimlari, faxriy donorlar ishtirok etdi.
– Har yilgi an’anaga ko‘ra, bu yil ham viloyatimizda qon topshirish oyligi e’lon qilinib, ushbu xayrli aksiya markazimizda hamda barcha tuman va shaharlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat qon quyish markazi bosh vrachi Rofe Aliyev. – Ana shu tadbirlarda 500 nafardan ortiq yurtdoshimiz beg‘araz qon topshirdilar. Bugun ham yuz nafarga yaqin korxona va tashkilotlar vakillari xayriya tadbirida ishtirok etib, bemorlar uchun qon topshirishdi.

Qo‘shrabot tumanida yashovchi Mahmud O‘rinov qariyb 30 yildan buyon donorlik qiladi. U hozirgacha 60 martaga yaqin qon topshirib, qon va qon preparatlariga muhtoj bemorlarni hayotga qaytarish, salomatligini tiklashga beminnat yordam ko‘rsatdi.
- Qon topshirish mening sevimli ishimga aylangan, - deydi “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni sohibi M.O‘rinov. - Donorlik esa qon va uning komponentlariga muhtoj insonlar uchun beg‘araz ko‘mak bo‘lsa, salomatligim uchun ham koni foyda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari H.To‘xtayev qon topshirish aksiyasida faol qatnashgan korxona va tashkilotlar vakillari hamda faxriy donorlarga minnatdorlik bildirib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Shuningdek, sana munosabati bilan to‘rt nafar donorga “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni berildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).