Tadbirkorlikning suyanchi – qonun
Yoxud davlat tashkiloti shoshma-shosharlik bilan chiqargan ko‘rsatma ma’muriy sudda qanday chippakka chiqdi?
Ilgari davlat organi bilan sudlashish «shamol bilan urishish»dek gap edi. Chunki sudlar ko‘pincha davlat idoralarining so‘zini ikki qilmasdi. Bugun esa ma’muriy sudlar chinakam xalqchil va adolatli organga aylandi. Sudya U.Davronov tomonidan chiqarilgan hujjat barcha tadbirkorlar uchun huquqiy saboq, nazorat organlari uchun esa ogohlantirish bo‘ladi, deb o‘ylayman...
Voqea Samarqanddagi xususiy korxonalardan biri bilan yuz berdi. Mazkur kichik biznes sub’yekti o‘z savdo do‘koni oldiga mijozlarni jalb qilish maqsadida tashqi reklama yozuvini o‘rnatgan.
O‘tgan yil avgust oyida Samarqand tumani hokimligi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasiga xat yuboradi. Xatda ushbu tadbirkor tomonidan o‘rnatilgan reklama yozuvi «Davlat tili haqida»gi va «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori talablariga zid, zarur hujjatlarsiz o‘rnatilgani bayon qilinib, tadbirkorga nisbatan chora ko‘rish so‘raladi.
Albatta, qonun buzilishi holati mavjud bo‘lsa, unga nisbatan munosabat bildirish vakolatli organning vazifasi. Biroq har qanday chora yoki jazo davlat organining xohish-istagi bilan emas, balki qonunda belgilangan qat’iy protsessual tartib-qoidalar asosida amalga oshirilishi shart!
Raqobat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi esa xatni qabul qilib, “Yusufjon Diyor mobile” xususiy korxonasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablarini buzgan deb topib, naqd 20 million 600 ming so‘m miqdorida jarima (moliyaviy sanksiya) to‘lash majburiyati yukladi.
Qizig‘i va achinarlisi shundaki, jarayonda nazorat organi tadbirkorni tinglashni ham, uning fikrini olishni ham lozim topmagan. Xuddi «Biz qaror qildik, tadbirkor esa to‘lashi shart», degan eskicha, byurokratik mafkura bilan ish tutilgan.
Yana bir tilsimli holatda ushbu chiqarilgan ko‘rsatma xati tadbirkorga belgilangan tartibda, rasman yetkazilmagan. Korxona unga jarima qo‘llanilganini oradan bir necha oy o‘tib, ya’ni Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 18 martdagi hal qiluv qarorini (boshqarma iqtisodiy sud orqali jarimani undirishga harakat qilgan) qo‘liga olgandan keyingina bilgan!
Haqiqatning qaror topishi
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning (MSIYutK) 186-moddasiga ko‘ra, bunday shikoyatlar shaxsga o‘z huquqlari buzilgani ma’lum bo‘lgan paytdan boshlab qisqa muddatlarda berilishi kerak. Javobgar tomon sudda ariza berish muddati o‘tib ketganini ro‘kach qilib, arizani rad etishni so‘radi.
Biroq sudga Samarqand pochta aloqa boshqarmasining rasmiy xatini taqdim etib, bu orqali ko‘rsatma tadbirkorga umuman topshirilmagani, u bu haqda faqat joriy yil mart oyida iqtisodiy sud qarori chiqqandan keyingina xabar topgani isbotlandi.
Shu bois, sud murojaat qilish muddatini tikladi.
Muhim holatlardan biri, tadbirkor o‘zining huquqiy madaniyatini ko‘rsatib, Samarqand tumani “Pulimug‘ob” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari va ishchi guruhi tomonidan tashqi reklamaning noqonuniyligi haqida ogohlantirilgan kunning o‘zidayoq ushbu kamchilikni o‘z ixtiyori bilan bartaraf etgan, ya’ni reklamani olib tashlagan.
Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi ishdagi barcha hujjatlarni batafsil tahlil qilib, tadbirkorning arizasini to‘liq qanoatlantirdi.
Qiziq va ibratli joyi, davlat organining noqonuniy qarori tufayli kelib chiqqan barcha moliyaviy xarajatlar ularning o‘z bo‘yniga qo‘yildi. Sud qarori bilan Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi hisobidan tadbirkor foydasiga pochta xarajatlari undirildi. Shuningdek, davlat organidan respublika byudjeti daromadiga 2 million 60 ming so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
Bu nazorat organlari uchun katta dars. Noqonuniy va shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan har bir qaror uchun davlat byudjeti oldida va tadbirkor oldida moddiy javobgarlik mavjud.
Mazkur sud ishi misolida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’yektlariga advokat sifatida bir nechta muhim tavsiyalarni bermoqchiman.
Agar sizning faoliyatingizda biror-bir davlat organi (soliq, raqobat boshqarmasi, yong‘in xavfsizligi va h.k.) tomonidan tekshiruv yoki o‘rganish o‘tkazilsa, ularning hujjatlari bilan tanishishdan bosh tortmang. Sizga rasmiy xat yoki ko‘rsatma kelganda, uning sanasiga va mazmuniga e’tibor bering.
Bundan tashqari, qonunchiligimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab insonparvarlik normalari bor. Agar tashqi reklama yoki boshqa sohada bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz va rasmiy ogohlantirish berilsa, uni zudlik bilan bartaraf eting va buni dalolatnoma qilib rasmiylashtiring.
Huquqingizni biling, qonundan qo‘rqmang, u sizning himoyachingiz. Davlat organlari xodimlari esa unutmasliklari kerak, tadbirkor — jazolanadigan «o‘lja» emas, balki yurt ravnaqining tayanchi.
Bahodir QARShIYeV,
"Shohruh" advokatlik firmasi advokati.