Ertaga keling...
Eshik tepasiga katta qilib yana zarhal harflar bilan "Fuqarolarning dardiga malham bo‘lamiz", deb yozib qo‘yilgan. Ichkarida esa malham ulashuvchi akamiz - Ilhom To‘ramovich o‘tiribdilar. Ilhomjon aka shunday odamki, agar jannatga yo‘llanma beriladigan bo‘lsa, u yerdan ham albatta "mahalla fuqarolar yig‘inidan tavsiyanoma" va "oxiratdan qarzi yo‘qligi haqidagi kvitansiya” so‘raydi.
Eshikdan mo‘ralagan kishi borki, Ilhomjon akaning birinchi savoli:
- Xo‘sh, qog‘oz joyidami? - bo‘ladi.
- Ilhomjon aka, - dedi bir bechora, - uyni ta’mirlash uchun ruxsatnoma kerak edi. Barcha hujjatlarni yig‘dim, ariza, pasport nusxasi, uy chizmasi, hatto qo‘shnimning "shovqin qilsa ham mayli", degan rozilik xati ham bor.
Ilhomjon aka ko‘zoynagini burnining uchiga qo‘ndirib, xuddi Misr papiruslarini o‘rgangandek sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Keyin birdan yuzi yorishib ketadi. Xursand bo‘lmang, bu "ish bitdi" degani emas, u "xato" topdi degani.
I-ye, uka, - deydi u zaharxandalik bilan, - axir siz uyning sharqiy tomonidagi anjirning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini ilova qilmabsiz-ku?! Shu daraxtning soyasi qo‘shnining hovlisiga nechchi daraja burchak ostida tushishi haqida "Soya va nur" qo‘mitasidan ma’lumotnoma qani?
- Akajon, u daraxt o‘tgan yili qurib qolgan.
- Qurigan bo‘lsa, quriganlik haqida dalolatnoma olib keling. Xullas, ertaga keling. Bugun kompyuterimiz "charchab” qoldi, bazaga kirmayabdi.
Mana shunaqa, Ilhomjon akalar uchun insonning dardi qiziq emas. Ular uchun hayot - bu to‘rtburchak muhr va "tasdiqlayman”, degan imzo orasidagi masofa.
Qizig‘i, Ilhomjon akadan nega buncha ovoragarchilik, deb so‘rasangiz, shunday javob beradi:
- Biz qonun ustuvorligini ta’minlaymiz. Qog‘oz bo‘lmasa, sizning borligingizni qayerdan bilamiz? Qog‘oz - bu odam degani.
Demak, Ilhomjon akaning mantig‘i bo‘yicha, agar qo‘lingizda tiriklik haqida “spravka” bo‘lmasa, siz aslida yo‘qsiz. Nafas olayotganingiz shunchaki tushunmovchilik, xolos.
Rayhona QARShIBOYeVA,
Termiz davlat universiteti talabasi.