Mutolaa: Qo‘lingizni bering, akamullo... 

Habib SIDDIQ

Ishdan qaytayotgandim. Bekat yaqinida lo‘li ayol yo‘limni to‘sdi.

- Qani, qo‘lingizni bering, akamullo.

- Nega? - dedim xushlamayroq.

- Qo‘lingizga qarab taqdiringizdan fol ochaman.

Shundoq ham taranglashib turgan asabim endi chidamadi.

- Nari tur-e, - deb baqirib berdim. - Sen aytmasang ham hammasi qo‘limga qarab aniqlanishini bilib bo‘lganman. O‘zi uyda yettitasi qo‘limga qarab turibdi. Ishxonada boshliq qo‘limga qaraydi. Bog‘chada mudira avval qo‘limga qarab, keyin nabirani oladi. Maktabda direktor iloji bo‘lsa ikkala qo‘limni ko‘rib qo‘ygisi keladi. Chunki, ikkita nevara o‘qiydi – shuning uchun bo‘lsa kerak-da. Hov kattaroq maktablarda ham bu qo‘llarning nusxalari unga-bunga ko‘rinib yuribdi. O‘sha qo‘llar ham xuddi shu sen ko‘rib qo‘ymoqchi bo‘lgan qo‘llardan oziqlanib turadi.

- Hech bo‘lmasa bir yo‘talib qo‘ying, akamullo...

- Ana xolos, endi “yo‘taling” deyishni sen ham o‘rganib olibsan. Qayerga bormay yo‘talishimni kutishadi-ya, yashshamagurlar. Katta-katta idoralarda ham salom berib kirgandan ko‘ra “yo‘talib” kirganlarning obro‘si baland bo‘lib turibdi. Bu kazo-kazolaring har qadamda kirganning ham, chiqqanning ham “yo‘talishi”ni kutaverishsa hamma ko‘kyo‘tal bo‘bketmasa deb qo‘rqaman.

- Xo‘p, deng, endi, akamullo... Bering qo‘lingizmi...

- E-e, nima deyapman senga?! O‘zi boshimda mingta tashvish. Ularni hal qiladiganlarning oldiga borolmay yuribman. Borsam, bilamanki, qo‘limga qaraydi. Qarasa, bu qo‘l o‘lgurda qabariqdan boshqa narsa ko‘rinmasa... ularku xijolat bo‘lishmaydi-ya, o‘zim noqulay ahvolga tushaman.

Yo‘lda ham beg‘alva yurolmayman. U yer-bu yerda yo‘l harakati nazoratchisi ola tayog‘ini ko‘rsatib, to‘xtatadi-da, qo‘limga qaraydi. Quruq qo‘l bilan ko‘chaga chiqib bo‘lmay qoldi...

Ayrimlar zo‘r berib “pul qo‘lning kiri” deb uqtirmoqchi bo‘lishadi. Nahotki, deyman taajjublanib. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, bu gapni aytganlar qo‘limning kirini ko‘zga surtadiganlarning soni-yu sanog‘iga yeta olarmikinlar?

Buning ustiga bo‘m-bo‘sh qo‘llarimdan uyalib, orqamga yashirib yursam, televizorda ertadan kechgacha qayta-qayta “qo‘lingizni sovunlab yuving” deb eslatishadi. O‘zim ham bilaman, aytishmasa ham. Axir bir etak farzandlaru nevara-chevaralarni katta qilib, o‘qitib, hunar o‘rgatib, uyli-joyli qilgunimcha hali qancha odamlarga ishim tushadi-yu, qanchasi qo‘limga qaraydi?.. O‘zimninggina emas, butun sulolamizning taqdiri bog‘liq bo‘lgan shunday tabarruk qo‘lni yuvmay bo‘ladimi?..

- Man kelajagingizni bashorat qilaman, akamullo...

- E, bor, bor. O‘zi g‘am-tashvishlar jonga tegib o‘ngu tesimni adashtira boshladim shekilli, xotinim ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘yibdi, oxirgi paytlarda tumanimizdagi ruhiy xastaliklar shifokori ham qo‘limga qarab turibdi. Uning ham dardi bitta, har gal qo‘limga qaraydi-da bir gapni takrorlaydi: “Salomatligingiz o‘z qo‘lingizda”. Tavba, deb qo‘yaman gohida. Ilgari shifokorlar bemorning ko‘ziga, tiliga qarardi. Endi senga o‘xshagan lo‘lilardan o‘rgandimi, bilmadim, ular ham faqat qo‘lga qarab tashxis qo‘yadigan bo‘lib ketishdi.

- Ibi, akamullo, - deb qoramtir lablari orasidan sariq tishlarini ko‘rsatib kuldi lo‘li ayol. - Ularingiz bundaychigin qilaburishsa... biz lo‘lilarga ham non qolmasakan-da... Eh, esiz!..