Nuroniylarning miyasi qarimaydi

Zamonaviy ilm-fan qarilik haqidagi tasavvurlarni parchalab, aksincha, inson hayotining ushbu bosqichi qanchalik ajoyib va serqirra ekanini isbotlamoqda. To‘plangan dalillar shuni ko‘rsatadiki, keksa yosh bu zaiflik emas, balki yangi imkoniyatlar, teran hayotiy tajriba, donolik va haqiqiy baxt davridir. Keksalik – hayotning yakuni emas, balki uni ma’noli, xotirjam va mazmunga boy qilishdir.

Shu paytgacha “yosh o‘tishi bilan inson miyasi muqarrar ravishda zaiflashib boradi”, degan tushuncha bor edi. Ammo olimlar neyroplastik haqida so‘z yuritib, miyaning butun umr davomida yangi neyron aloqalarni yaratishi haqida gapirmoqda. Albatta, yillar o‘tishi bilan axborotni qayta ishlash sekinlashishi mumkin. Ammo bu holat yillar davomida to‘plangan bilim, tajriba va hayotiy xulosalar zaxirasi bilan to‘ldiriladi. Hayotiy tajriba esa insonga qarorlarni shoshilmasdan, chuqur mushohada va donolik bilan qabul qilish imkonini beradi.

60 yoshdan keyin hayot yanada yorqinlashadi

Psixologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu “Baxt paradoksi” ekan. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab insonlar 60-70 yoshdan keyin o‘zini o‘rta yosh davriga nisbatan ancha baxtliroq his qila boshlaydi. Chunki ular his-tuyg‘ularini yaxshi boshqara oladi, salbiy holatlarga kamroq e’tibor qaratadi va hayotning oddiy, ammo beqiyos qimmatli ne’matlarini - yaqinlar bilan muloqotni, sevimli mashg‘ulotlarni, tabiat qo‘ynidagi sokin damlarni ko‘proq qadrlaydi.

Ijtimoiy aloqalar - uzoq umr ko‘rishning eng katta siri

Gerontolog olimlarning aniqlashicha, nuroniylar uchun mustahkam ijtimoiy aloqalar juda muhim, xuddi to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik kabi. Oila a’zolari bilan yaqin muloqot, do‘stlar davrasi, qiziqarli mashg‘ulotlar, bularning barchasi demensiya va depressiya xavfini keskin pasaytiradi, immunitetni mustahkamlaydi. Yolg‘izlik esa keksalikda sog‘liqning eng katta dushmani.

Pensiya - ikkinchi imkoniyat

Tarixdan ma’lumki, buyuk yutuqlar 60 yoshdan keyin amalga oshgan. Masalan, Lev Tolstoy o‘zining mashhur “Tirilish” asarini 71 yoshida yozgan. Mashhur rassom Mozes buvi esa 76 yoshida rassomlik faoliyatini boshlagan. Pensiya yoshi - bu hayotning to‘xtashi emas, balki yangi imkoniyatlar eshigi ochiladigan davr. Ilgari ish va tashvishlar bilan bo‘lib, amalga oshmagan orzu va iste’dodlarni shu pallada yuzaga chiqarish mumkin. Pensiya yangi iqtidorlarni ochish uchun berilgan imkoniyat.

Jismoniy faollik har qanday yoshda ham foydali

“Nuroniylar o‘zini ehtiyot qilib, kamroq harakat qilishi kerak”, degan gaplar bugun inkor qilinmoqda. Aksincha, muntazam va mo‘’tadil jismoniy faollik - piyoda yurish, so‘zish, yoga suyaklarni mustahkamlaydi, yurak-qon tomir tizimini yaxshilaydi. Doimiy harakat sog‘lom va faol hayotning eng ishonchli garovi.

Uyqu o‘zgaradi, uning ahamiyati yanada ortadi

Yosh o‘tishi bilan keksalarning uyqu jarayoni o‘zgaradi, qisqaradi, tunda tez-tez uyg‘onib ketadi. Biroq dam olishga bo‘lgan ehtiyoj hech qachon kamaymaydi, aksincha, u yanada muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Sog‘lom uyqu xotirani mustahkamlaydi va emotsional muvozanatni saqlaydi.

Ta’m va hid sezish pasayadi, ammo taom mazali bo‘lishi mumkin

60 yoshdan keyin insonda ta’m bilish va hid sezish qobiliyati asta-sekin kamayadi. Bu fiziologik jarayon. Ammo bu taomlar mazasiz bo‘lishi kerak degani emas.

Donolik ilmiy asoslangan tushuncha

Keksa insonlarning donoligi bu faqat chiroyli metafora emas. Neyrobiologlarning aniqlashicha, donolik uchun javobgar bo‘lgan miyaning prefrontal qora qismi yillar o‘tishi bilan faol rivojlanadi. Aynan shu qism insonga vaziyatni tizimli ravishda ko‘ra olish, turli nuqtai nazarlarni hisobga olish, oqilona qaror qabul qilish va his-tuyg‘ularga berilmaslik imkonini beradi. Keksalik – inqiroz, degani emas. Bu hayotning o‘ziga xos, hikmatga to‘la, barqarorlik va yangi imkoniyatlar davri. Keksalarga izzat-ikrom ko‘rsating, ularga vaqt ajrating, hurmat qiling. Shunda siz ham ulardan hayotning bebaho saboqlarini olasiz.

Munisa ShAMSIYeVA tayyorladi.