Joul Qosimda hamma ishli bo‘ladi
Viloyatimizda mahallalarni ixtisoslashtirish orqali aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish ustivor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunda mahallaning o‘ziga xos imkoniyati va tabiiy resurslaridan kelib chiqib, aniq bir yo‘nalishda ixtisoslashadi. 214 oila kambag‘al oila sifatida qayd etilgan. Shu paytga 18 oilaga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi, 93 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilib, 94 oilaga 1,723 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali 400 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
- Mahallada eksportbop gilos yetishtirish asosiy draveyrlaridan biri 35 foiz aholi, ya’ni 246 xonadon shu ish bilan shug‘ullanib keladi, -deydi Joul Qosim mahallasi hokim yordamchisi Jahongir Normo‘minov. - Bir tup gilosdan o‘rtacha 1,3 million so‘m, bitta xonadon 60-70 million so‘m daromad qiladi. Mahallamizning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida, yirik tadbirkor tomonidan aholi gilos ko‘chatlari bilan ta’minlanadi. Joriy yilda ixtisoslashuvni 70 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Mahallada ikkinchi drayver yo‘nalish - qurilish materiallari, ya’ni beton quvurlari ishlab chiqarish hisoblanadi. 61 ta xonadonda ushbu yo‘nalishda ishlab, daromad qilmoqda. Joriy yilda bu yo‘nalishni yanada kengaytirib kambag‘al oilalar hisobidan 60 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti tashkil etiladi va 200 ga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.
- Ko‘p yillar xorijga borib ishladim, -deydi Elbek Abdug‘aniyev. –Ammo o‘z uyingda, oilang bag‘rida ishlash boshqacha baribir. Mahalla yordamida beton quvur ishlab chiqarish uchun maxsus qoliplar olib kelib, ish boshladim. Yonimga qishlog‘imizning ikkita yosh ishsiz yigitlarini olganman. Birgalikda oyiga 200 donadan ziyod quvur tayyorlaymiz. O‘n million so‘mdan ziyod daromad qilamiz.
Shunday faoliyatni yo‘lga qo‘ygan “Black optra” MChJga bankdan 90 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 5 ta ish o‘rni yaratilib, kambag‘allik reyestridagi 5 ta oila a’zolarining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, “Amir Imona Sardor” oilaviy korxonasi tashabbus bilan chiqib, ijtimoiy reyestridagi oilalar bilan kelishgan holda kooperatsiya asosida beton quvurlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
- Joriy yil mahallamiz to‘liq kambag‘allikdan xoli hududga aylanadi, - deydi mahalla raisi Shomil Pittayev. - Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, mahallamizning kambag‘allik darajasini 29,1 foizdan 3,1 foizga tushirishga erishdik.
Mahallaning Hosilot qishlog‘i Samarqand-Juma yo‘li yoqasida joylashgani hisobiga, yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida ixtisoslashuvni kengaytirish va aholi daromadini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda mikroloyihalar asosida yuzdan ortiq fuqaroning bandligini ta’minlab, aholining daromadini oshirish mumkin.
Hududda yo‘l yoqasida joylashgan 30 dan ziyod xonadon egalari non, patir, somsa va pichak tayyorlab sotish bilan shug‘ullanadi. Kuniga minglab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish orqali yuzdan ziyod aholi bandligi ta’minlangan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
Baxtiyor MUSTANOV (tasvir).