Hammaning munosib mehnat qilish huquqi bor
Payariqlik Mirjalol bundan ikki yil oldin avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qoldi. Ikki farzandi bor, ayni mehnat qilib, oilasini boqadigan davri. Shu bois u taqdirga tan bermadi, imkoniyatidan kelib chiqib mehnat qilishda davom etdi.
Boshida osonroq kunlik ishlarga chiqdi, keyin xotini bilan pardalar tikishni yo‘lga qo‘ydi. Biroq har ikki soha ham doimiy daromad keltirmas edi.
— Asosiysi, tushkunlikka tushganim yo‘q, - deydi Mirjalol Saida’zamov. – Harakatlarim besamar ketmadi. Olti oy oldin “Nemo Area” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga operator lavozimiga ishga kirdim. Sharoiti o‘zimga mos. Rahbarimiz imkoniyatlarimni inobatga oladi. Uyda ham ish to‘xtagani yo‘q, oilaviy tikuv sexini ochish harkatidamiz.
Mehnat qilish huquqi har bir fuqaroning Konstitutsiyada belgilangan asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi kerak. Joriy yilgi davlat dasturida ham bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilgan. Faqat imkoniyati cheklanganlar bu huquqidan foydalana olyaptimi? Payariq tumani misolida vaziyatni o‘rganishga harakat qildik.
Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazidan olgan ma’lumotimizga ko‘ra, tumanda 5 ming nafarga yaqin imkoniyati cheklangan fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 773 nafari mehnatga layooqatli. Davlat idoralarini qo‘shmaganda, bo‘lim tomonidan joriy yil faqat 8 nafar nogironligi bor fuqaroga xususiy sektorda ishga joylashishda ko‘mak berilibdi. Shundan 4 nafari ish beruvchi tomonidan oylik berilmaganligi uchun hozirda ishga chiqmayotgan ekan. Mirjalol shulardan biri.
— Vazirlar Mahkamasining 203-son qaroriga asosan, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga 6 oy davomida har oy bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilishi ta’minlanyapti, - deydi bo‘limning ishsizlarni hisobga olish va ish bilan ta’minlash shu’basi mudiri Usmon Otaqulov. – Shuningdek, ish beruvchilar o‘rtasida hukumat tomonidan berilayotgan shu va boshqa imtiyozlar yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilyapti. Natijada hamkorlikka rozi bo‘layotgan ishbilarmonlar soni ortib bormoqda. Bundan tashqari, tuman hokimining tegishli qarori bilan joriy yil hududdagi 133 ta tashkilotda 392 ta zaxiralangan ish o‘rinlari yaratildi. Shundan 63 ta korxona-tashkilotda 93 ta bo‘sh ish o‘rni nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun ajratilib, hozirgacha ularda 60 nafar fuqaro ishga joylashtirilgan.
Tumanda imkoniyati cheklangan fuqarolar mehnat qilishiga ixtisoslashtirilgan korxona yoki tashkilot yo‘q ekan. Mehnatga layoqatli shaxslarni tavsiya etilgan kasblarga yo‘naltirish yoki qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan vaqtda 58 nafar shunday fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, ulardan 40 nafari yangi mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirilgan.
— Tahlillar tumanning 700 nafar nogironligi bor fuqarosi turli sohalarda mehnat qilib kelayotganligini ko‘rsatdi, - deydi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi shu’ba mudiri Rahmatulla Yunusov. – Ammo ularning 500 nafarga yaqini ish beruvchisidan nogironligini yashirib ishlab kelayotgan ekan. Holbuki, teskarisi bo‘lganida, imkoniyati cheklangan fuqaro ham, uni ishga olgan ish beruvchi ham qonunchilikda belgilangan qator qulayliklardan foydalangan bo‘lardi. Mutaxassislarimiz joylarda har ikki tomonga shu bo‘yicha tushunchalar berib bormoqda.
Bandlik idorasi va ijtimoiy xizmat tizimi o‘rtasidagi hamkorlik samarasi o‘laroq, tumanda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham teng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, ijtimoiy xodimlar har bir nogironligi bor fuqaro bilan individual ishlab, ularni reabilitatsiya qilish, kasbga yoki para-sportga yo‘naltirishda bosh-qosh bo‘lmoqda. Hozirgacha tumandan 53 nafar imkoniyati cheklangan fuqaro para-sport turlariga jalb qilingan. 128 nafariga protez-ortopediya moslamalari, 728 nafariga reabilitatsiya qilishning texnik vositalari berilib, ijtimoiy faolligi oshirilgan.
— O‘tgan yili Buxoro davlat universitetini tamomladim, - deydi II guruh nogironi Jabbor Shavqiddinov. – Katta maqsadlarim bor. Shu bois tumanga kelib, qilgan birinchi ishim “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga borish va ish so‘rash bo‘ldi. Ularning ko‘magi bilan bankka, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga kirdim. Hozircha muammo yo‘q, o‘zim xohlagandek muhitda mehnat qilyapman. Istak bo‘lsa, sharoit topilar ekan.
Mavzuni o‘rganish davomida bir holat e’tiborimizni tortdi. Aynan bandlik idorasining nogironlarni ish bilan ta’minlashdagi ishtiroki kamligi. Boshqacha aytganda, tashkilot faoliyati asosan byudjet yoki davlat ishtirokidagi idoralarda zaxiraga olingan ish o‘rinlari bilan cheklanadi. Asosiy ish beruvchi hisoblanmish xususiy sektor bilan hamkorlik masalalari maqtagulik emas. Ularda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olishning qonuniy tartibi ishlab chiqilmaganligi buning sabablaridan biri bo‘lsa ajab emas.
Asqar BAROTOV.