Turizm qishloqlarini rivojlantirishda xalqaro tajriba: Amish modeli va Samarqand imkoniyatlari

2025 yil sentyabr oyida AQShga safarim davomida Pensilvaniya shtatida joylashgan Amish Country hududiga borish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu safar men uchun nafaqat oddiy sayohat, balki butunlay boshqa davr va boshqa dunyoga kirib qolgandek bo‘lish edi. Amish xalqining hayot tarzi, ularning qadriyatlari va madaniyati nafaqat AQShda, balki butun dunyoda o‘ziga xos hodisa sifatida qaraladi. Bugun bu tajribani bo‘lishib, Amish turizmi haqida batafsil ma’lumot berishni istadim. Chunki bu jamiyatning hayoti, qadriyatlari va turizmdagi o‘rni haqida bilish nafaqat qiziqarli, balki ta’limiy ahamiyatga ham ega.

Amishlar XVII asr oxirida Shveysariya va Germaniya hududlaridan ko‘chib chiqib, yangi hayot izlab Amerikaga kelishgan. 1700 yillardan boshlab Pensilvaniyada joylashgan bu jamoa o‘zining soddalik va zamonaviy texnologiyalardan voz kechishi bilan tanildi. Hozirgi kunda AQSh bo‘ylab Amishlar soni 370 mingdan oshib ketgan, faqat Lancaster County (AQShning Pensilvaniya shtatida joylashgan tuman)ning o‘zida 40 mingdan ortiq Amish yashaydi. Aholi soni yiliga 3-4 foizga ortib bormoqda, bu esa ularni dunyodagi eng tez o‘sib borayotgan guruhlardan biriga aylantirmoqda.

Amishlarning hayoti boshqacha. Ular avtomobil minmaydi, elektr energiyasidan foydalanmaydi, internet va mobil telefonlardan deyarli butkul voz kechishgan. Transport vositasi sifatida ot-aravadan foydalanishadi. Buning sababi – ularning diniy e’tiqodida soddalik va zamonaviy dunyodan ajralib turish qadrlanadi. Hozirgi zamonda ham shunday hayot kechirish, tabiiyki, tashrif buyuruvchilar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Shunday qilib, Amish Country hududi tirik muzeyga o‘xshaydi – har bir uy, har bir daladagi mehnat, hatto odamlarning kiyimlari ham tarixiy manzara singari ko‘rinadi. Ularning kiyimlari bir xil rangda – qora, oq yoki kulrang. Ayollar doimo boshiga oq ro‘mol o‘rab yuradi, erkaklar esa soqol qo‘yib, oddiy ko‘ylak va shim kiyadi. Amish oilalarida ko‘p farzand bo‘lish odatiy hol, o‘rtacha 7-8 nafar bola tug‘iladi. Shu bois ham ularning jamoasi tez ko‘paymoqda. Amish bolalari maxsus maktablarda faqat 8-sinfgacha o‘qishadi. Ular maktabda ilm bilan birga qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik, duradgorlik kabi amaliy ko‘nikmalarni o‘rganadilar. Bu ta’lim tizimi Amish jamiyatining qadriyatlariga mos bo‘lib, farzandlarni an’anaviy hayot tarziga tayyorlaydi.

Amishlar jamiyatida mehnat juda muhim. Har bir ish jamoaviy tarzda bajariladi. Masalan, yangi uy qurilishi bir oilaning emas, balki butun qishloqning ishi hisoblanadi. Bir kunning o‘zida o‘nlab erkaklar yog‘ochlarni yig‘ib, uy quradilar, ayollar esa taom tayyorlab, bolalarga qarashadi. Bu “barn raising” deb ataluvchi an’ana nafaqat mehnat, balki birdamlikning ham yorqin namunasidir. Turistlar uchun bunday jarayonni ko‘rish katta taassurot qoldiradi.

Bugungi kunda Amish Country AQShning eng mashhur turizm hududlaridan biridir. Har yili 4-5 million sayyoh bu yerlarga tashrif buyuradi. Lancaster County turizm markazlaridan biriga aylangan bo‘lib, bu yerga keladigan turistlar Amishlarning hayot tarzini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ot-aravada sayr qilish, ularning qo‘l mehnati bilan tayyorlagan mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatiga ega. Amishlar yasagan yog‘och mebellar dunyoda mashhur bo‘lib, ularning sifati va mustahkamligi bilan ajralib turadi. Amish novvoyxonalarida tayyorlangan non va shirinliklar, mahalliy fermerlarning organik mahsulotlari sayyohlar orasida juda talabgir. Amish iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik asosiy o‘rinni egallasa-da, keyingi yillarda turizm ulushi sezilarli darajada oshdi. Amish ishlab chiqargan qo‘l mehnati mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari AQSh ichki bozorida yiliga qariyb 500 million dollarlik savdoga tenglashmoqda. Bundan tashqari, turizm xizmatlari, ekskursiyalar va sayohatlar orqali ham ularning daromadlari barqaror o‘sib bormoqda.

Amishlarning turizmda eng katta ustunligi – ularning dunyoda boshqa joyda uchramaydigan hayot tarzi. XXI asrda internet va texnologiyasiz yashayotgan, avtomobilsiz yuradigan, elektrsiz kechqurun sham yoqib o‘tiradigan xalqni ko‘rish har bir turist uchun kutilmagan tajriba. Bu hududda vaqt ortga qaytgandek, XVII-XVIII asrlarda yashayotgandek his qilasiz. Shuning uchun ham Amish Country “tirik tarix”, “zamonaviy dunyoda unutilgan qadriyatlar” nomi bilan mashhur. Amishlarning turizmda muvaffaqiyatga erishishining sabablari ko‘p. Birinchidan, ular o‘z an’analaridan voz kechmagan holda turizmni rivojlantirishga erishmoqda. Ikkinchidan, ularning halol mehnat mahsulotlari va organik oziq-ovqatlari global sog‘lom turmush tarzi tendensiyasiga mos kelmoqda. Uchinchidan, ularning hududlari osoyishtaligi va tabiiy manzaralari bilan ham sayyohlarni jalb qilmoqda. Amish jamoasi hayotidan ko‘plab saboqlar olish mumkin. Ular soddalikda baxt topish mumkinligini, birdamlik va jamoaviylikning qadrini, halol mehnatning kuchini ko‘rsatib berishmoqda. Bu tajribani Samarqand viloyatidagi qishloq turizmiga ham tadbiq etish mumkin. Masalan, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi G‘o‘s va Soyi G‘o‘s kabi tabiati chiroyli, an’analari boy qishloqlar mavjud. Ushbu hududlarda Amish tajribasini qo‘llash orqali turizmni yangi bosqichga olib chiqish mumkin. O‘zbekiston sharoitida ham shunday modelni tatbiq qilish mumkin, lekin bu bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim.

Avvalo, bunday loyiha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Chunki qishloq turizmi darhol katta daromad keltirmaydi, balki bir necha yil davomida shakllanadi. Shuning uchun dastlabki ikki yil hukumat tomonidan subsidiya yoki grantlar ajratilishi zarur. Birinchi bosqichda, turizmga qiziqishi va mehmon qabul qilish imkoniyati bor oilalar aniqlanishi lozim. Bu oilalarning uy-joylari, sanitariya-gigiyena sharoitlari, xizmat ko‘rsatish madaniyati bo‘yicha dastlabki tayyorgarligi amalga oshirilishi kerak.

Ikkinchi bosqichda, davlat bu oilalarni moddiy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi zarur. Masalan, uylarini mehmon qabul qilishga moslab ta’mirlash, sanitariya vositalarini yetkazib berish, grant orqali turistik infratuzilmani yaratishga yordam berish mumkin. Shu bilan birga, oilalarning farzandlari va yoshlarini turizm asoslari, mehmondo‘stlik, chet tillar, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish juda muhim. Amish tajribasida bolalar erta yoshdan mehnat va hunarga o‘rgatilgani kabi, bizning qishloqlarimizda ham yoshlar turizm orqali daromad topish yo‘llarini o‘rganadi.

Jasur Rahmonov.