Deputatlik so‘rovidan so‘ng Mang‘itdagi ekologik holat o‘rganildi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nodira Barotovaning 2026 yil 4 mayda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasiga yuborgan deputatlik so‘rovi yuzasidan ushbu boshqarma xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida Jomboy tumani Ko‘kgumbaz mahallasi Mang‘it qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi O‘rtabo‘z arig‘idan suv namunalari olinib, laboratoriyaga topshirildi.



Tekshiruv vaqtida ariqdan toza suv emas, balki yirik va mayda shoxli hayvonlar chiqindilaridan iborat oqova (“jija” suvi) oqayotganligi qayd etildi. Shu holat oqibatida hududda yoqimsiz hid tarqalgani hamda ariq suvi bo‘tqaga aylangani aniqlangan.

Qishloq aholisi tomonidan bildirilishicha, qishloqning yuqori qismida joylashgan xususiy qoramolchilik fermasidan chiqayotgan oqova suv maxsus tozalash inshooti mavjud emasligi sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariqqa oqizib yuborilmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaligi egasi aholining murojaatlariga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani ta’kidlangan.

Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi, “Suvoqova” DUK hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda tegishli choralar ko‘rish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Ariqdan olingan suv namunalarining laboratoriya tahlil natijalari 7 ish kunida tayyor bo‘lishi va natijalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingan.