Chet tillarini o‘rganish — kelajak kaliti: Jomboyda ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Oliy ta’lim muassasasiga kirish va tahsil olish uchun darslarni qanday o‘zlashtirish kerak? Chet tillarini o‘rganish nega muhim? Yoshlar o‘z kelajak yo‘nalishini qay tarzda to‘g‘ri tanlayapti?
Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Jomboy tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar uchun tadbir o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagini kuchaytirish va xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratildi.
Uchrashuvda Samarqand davlat chet tillar institutining ingliz filologiyasi va tarjimashinoslik fakulteti katta o‘qituvchisi Jamshid Mirzayev, shu maktabni oltin medal bilan tamomlab, hozirda ushbu institutda tahsil olayotgan Gulbahor Olimova, maktab o‘qituvchilari va bitiruvchi o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Jamshid Mirzayev institutdagi ta’lim tizimi, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xorij tillarini o‘rganishdagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Gulbahor Olimova esa o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, maktabdagi a’lo ta’lim uni talaba bo‘lishga yetaklaganini ta’kidladi. Shuningdek, institutdagi qulayliklar — zamonaviy kutubxona, texnik jihozlangan auditoriyalar, talabalar yotoqxonasi, sport majmuasi va oshxona faoliyati haqida o‘quvchilarga qiziqarli tarzda ma’lumotlar berdi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilarga kasb tanlash, kelgusida qaysi yo‘nalishda o‘qishni belgilash va bu jarayondagi muhim omillar haqida ham tushunchalar berildi.