Jomboyda tuman hokimi yoshlar bilan birga “Ma’naviyatga sayohat” "qildi”

Tumandagi rahbarlar va deputatlar o‘zlari tahsil olgan maktabga kitob sovg‘a qildi.
Farzandlarimizning komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun ularni kitobga, mutolaaga bo‘lgan mehrini oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Jomboy tumanida “Ma’naviyatga sayohat” nomli arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi tashkil etildi. “Barkamol avlod” ijodiyot maktabida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasi, tashkilotlar va ta’lim muassasalari rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yarmarkada mingdan ortiq yangi nashrdagi badiiy, ilmiy, ma’rifiy hamda bolalar adabiyoti durdonalari bo‘lgan kitoblar arzonlashtirilgan narxlarda savdoga qo‘yildi.
Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimi Xurshid Nazarov yarmarka faqat kitob sotib olish uchun o‘tkazilmasligi, uni sotib olgandan keyin o‘qish zarurligini aytdi. Shuningdek, “Umid” ijodiy klubi a’zolari bilan uchrashdi.
- Bu uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi, - deydi yosh ijodkor Kumush Qobilova. – O‘z ijodimizdan namunalar o‘qidik. Tuman hokimi bizni tingladi. Maslahatlarini berdi. Biz hokim bilan birga haqiqiy “Ma’naviyatga sayohat” "qildik”. Jarayon bizga ilhom bag‘ishladi. Tumanimiz rahbari bunday sayohatlarni tez-tez o‘tkazib turish zarurligini ta’kidladi.
Quvonarlisi, tadbirda ishtirok etgan rahbarlar, deputatlar o‘zlari tahsil olgan maktabga kitob sovg‘a qilib, ta’lim muassasalari kutubxonalarini boyitishga hissa qo‘shdi.
Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.